Rossiyada jamiyat antikorrupsion surishtiruvlari bilan tanilgan jurnalistga politsiya narkotik tashlab qo‘yganidan junbushga keldi. Bu mavzu hatto Vladimir Putinning o‘sha kuni Sankt-Peterburgda iqtisodiy forum doirasidagi chiqishlarini ham orqa fonga surib qo‘ydi.

O‘zi nima gap: 6 iyun kuni Moskva politsiyasi «Meduza» internet nashrining jurnalisti Ivan Golunovni qo‘lga olgan. Poytaxt meriyasidagi mansab suiiste’molchiliklari haqidagi surishtiruvlari bilan tanilgan jurnalistni narkotik tayyorlash va saqlashda ayblashmoqda. Golunovning o‘zi milliardlab pul aylanadigan dafn marosimlari biznesini FSB generallari nazorat qilayotganini surishtirgani uchun hibsga olinganini aytmoqda.

Rossiyaning uch yetakchi nashri «Vedomosti», «Kommersant» va RBK bugun bosh sahifasini bir xil chiqarishdi – «Biz Ivan Golunovmiz». Shu bilan ular narkotik modda saqlashda ayblanib qo‘lga olingan jurnalist hamkasbi Ivan Golunov bilan hamjihat va hamdardliklarini namoyish qilishgan.

«Biz Ivan Golunovning aybdorligini ko‘rsatish uchun tergovchilar keltirayotgan isbotlarni ishonchsiz deb hisoblaymiz. U qo‘lga olingan vaziyat tergov jarayonida ham qonunbuzilish holati bo‘lmaganiga shubha uyg‘otadi», – deyiladi har uch nashrning birgalikdagi bayonotida.

Rossiyaning yaqin tarixida misli ko‘rilmagan norozilik chiqishlari va jamoatchilik bosimi deb 8-iyun kuni sud uni qamoqqa emas, uy qamog‘iga hukm qildi.

Sud va IIV Moskva shahar bosh boshqarmasi binosi oldida Ivan Golunovning qamalishidan norozi bo‘lgan jurnalistlar yolg‘iz piket uyushtirgan. Ular orasida «Meduza» bosh direktori Galina Timchenko, jurnalist va jamoat faoli Kseniya Sobchak, «Novaya gazeta» asoschisi Dmitriy Muratov, «Exo Moskvi» bosh muharriri Aleksey Venediktov, «The Bell» asoschisi Yelizaveta Osetinskaya ham bo‘lgan.

Plakat ko‘tarib chiqqanlarni politsiya qo‘lga olib, ma’muriy ish ochgan. Avvaliga plakat ko‘tarib chiqqan «Novaya gazeta» jurnalisti Ilya Azar, uning ketidan yana shu nashr jurnalisti Pavel Kanigin qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng piketga chiqqan Viktor Shenderovich, Aleksandr Polivanov, Grigoriy Tumanov va Viktor Ivlev qo‘lga olinadi. Hammasi jurnalistlar. Ularga «50 metr qoidasi»ni buzganlik aybi bilan ma’muriy ish ochishadi. Bu qoidaga ko‘ra yolg‘iz piket hisoblanishi uchun piketchilar bir-biridan kamida 50 metr masofada turishlari kerak.

Bu voqealarning ahamiyati nimada: rossiyalik jurnalistlarning hamkasblariga nisbatan hamdardligini ko‘rsatishi, qo‘llab-quvvatlashi misli ko‘rilmagan shaklda ilk marta kuzatilayapti. Golunovni internet, bosma nashrlar va televideniyeda ishlaydigan 5 mingga yaqin jurnalist, ko‘plab jamoat va san’at arboblari qo‘llab-quvvatladi. Keng jamoatchilik Golunovga tuhmat qilinayotganiga, narkotiklarni unga politsiyaning o‘zi tashlab qo‘yganiga ishonadi.