Rossiyalik hakerlarning xurmacha qiliqlari xalqaro muammoga aylangani hech kimga sir emas. Biroq Bi-bi-si Rossiyaning o‘zida pasport va bank hisobraqami kabi shaxsiy ma’lumotlarni sotib olish anchayin jo‘n ish ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Kiberxavfsizlik sohasi ekspertlariga ko‘ra Rossiyada shaxsiy, jumladan, davlat institutlariga oid ma’lumotlar har kuni katta miqdorda sotiladi va sotib olinadi.

2018-yil yanvari tonglaridan birida Roman Ryabov sigaret sotib olish uchun Tula shahridagi ofisidan ko‘chaga chiqqan edi. U Rossiyadagi eng yirik mobil operatorlardan biri – "Beeline"da ishlar edi.

Ko‘chada Romanning yoniga umrida ko‘rmagan bir erkak yaqinlashadi va o‘zini Andrey Bogodyuk deya tanishtiradi. Andrey gapni cho‘zib o‘tirmay, Romanga "soqqali" taklif beradi: unga kimningdir telefon qo‘ng‘iroqlari qaydlari kerak edi.

Ertasi kuni Roman Andreyga telefon qo‘ng‘iroqlarining uzun ro‘yxatidan iborat elektron maktub yo‘llaydi va «xizmati» evaziga 1000 rubl ($16) haq oladi.

Keyinroq Roman yangi tanishiga yana ikki mobil telefon raqami bo‘yicha ma’lumotlarni ham jo‘natadi. Biroq bu vaqtga kelib, Beeline ma’lumotlarning yashirincha sizib chiqib ketayotganini payqab qolgan va politsiyaga xabar bergan edi.

Ikki «hamkor» ustidan sud hukmi o‘qiladi va Bogodyuk 340 soat, Ryabov 320 soat majburiy ijtimoiy mehnatga jalb etiladi.

Gullab-yashnayotgan "biznes"

Oradan atigi bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hozir Roman va Andrey qo‘llagan usul eskirib, urfdan chiqib bo‘lgan.

Bugungi kunda rossiyalik xususiy detektivlar, firibgarlar yoki shunchaki rashkchi erlar noqonuniy onlayn forumlar orqali hakerlarni topib, ularning xizmatidan foydalanishi mumkin.

Qora bozor vebsaytlarida shaxsiy ma’lumotlarning narxlari beriladi.

Rossiyada arzimagan pul evaziga mobil telefon qaydlari, yashash manzillari va hatto bank hisobraqamlari kodlarini qo‘lga kiritish mumkinligi aytiladi.

Onlayn qora bozorda davlat tashkilotlari, jumladan, Federal soliq xizmati ma’lumotlarini olib berish to‘g‘risidagi e’lonlarni ham ko‘rish mumkin.

«Agar talab bo‘lsa, pulning hidi kelib tursa, taklif qiluvchilar albatta bo‘ladi», – deydi kiberxavfsizlik firmalaridan birining tahlilchisi Harrison Van Rayper.

Maxfiy rasmiy ma’lumotlarning tashqariga sizib chiqib ketishi hamma mamlakatlarda ham kuzatiladi. Masalan, 2013-yilda Vashingtonning josuslik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan AQSH Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Edvard Snouden ishi butun dunyoda shov-shuv bo‘lgan edi.

Biroq Rossiyada vaziyat mutlaqo o‘zgacha. Bu yerda har qanday oddiy fuqaro pul yordamida davlat agentliklari saqlayotgan maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkin.

«Bu an’anaviy korrupsiya va ma’lumotlar xavfsizligiga beparvo qarashning oqibatidir», – deydi Qirollik qo‘shma xizmatlari institutidan Mark Galeotti Bi-bi-siga.

Loqayd nazorat

Rossiyada maxfiy ma’lumotlarni sotgan shaxslar kamdan-kam jazoga tortiladi. Biroq bunday ishlar sudga yetib borgan vaqtda ma’lumotlar qora bozorining qanday ishlashi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

2016-yilda Federal soliq xizmatining mahalliy bo‘linmasi boshliqlaridan biri qator rossiyaliklarning daromad va mulk ma’lumotlarini atigi 7000 rublga sotishda ayblangan. U jarima va ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolangan, ammo G‘alaba kuni sharofati ila amnistiyaga tushib, jazodan qutulib qolgan.

Bi-bi-si ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, ma’lumotlar xavfsizligiga bundayin loqaydlik bilan qarash va jinoyatchilarni yengil jazolar bilan «siylash» aks ta’sir ko‘rsatgan va buning ortidan mamlakatda ma’lumotlar qora bozori gullab-yashnamoqda.

FQB Rossiya GRUsining josuslari deb gumon qilingan yetti kishini hakerligi uchun qidiruvga bergan.

O‘tgan yili aslida maxfiy saqlanishi lozim bo‘lgan avtomashinalar davlat raqamlari reyestriga kirishga muvaffaq bo‘lgan jurnalistlar harbiy istixborot xizmati bo‘lmish GRU xodimlari shaxsi va xizmat tomonidan foydalanib kelingan Moskvadagi bino manzilini aniqlagan edi.

Butun boshli maxfiy xizmat ma’lumotlarining oddiy jurnalistlar tomonidan fosh etilishi Rossiyadek o‘zini qudratli ko‘rsatishga urinuvchi mamlakat uchun isnod o‘laroq ko‘rilgan edi.

Biroq Rossiya maxfiy xizmatlarining o‘zi ham ma’lumotlar qora bozorining ravnaq topishiga hissa qo‘shib kelishi taxmin qilinadi. Oylik maoshlar kam bo‘lganidan rasmiylar qora bozordagi «savdolar» orqali tirikchilik qilishga urinishi aytiladi.

Ushbu bozorda istalgan ma’lumotni qo‘lga kiritish qanchalik oson ekanini bilish uchun Bi-bi-si Rus xizmati o‘z muxbirlaridan birining shaxsiy ma’lumotlarini bilib berishni so‘rab, shunday noqonuniy onlayn forum bilan bog‘lanib ko‘rdi.

Bi-bi-si atigi bir kun ichida 2000 rubldan kamroq mablag‘ evaziga so‘ralgan muxbirning nafaqat hozirgi pasporti, balki u 14 yoshidan buyon egalik qilgan har bir pasport ma’lumotlari joylangan elektron maktubni qabul qildi.

Shundan so‘ng muxbir o‘zining Bi-bi-si Rus xizmatidan ekanini oshkor qilib, «sotuvchi»ga ba’zi savollarni berib ko‘rdi. «Sotuvchi» shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan intervyuga rozilik bildirdi.

Uning so‘zlashicha, o‘tgan yili GRU xodimlari shaxsi oshkor bo‘lishi ortidan qora bozorga nisbatan bosim ortgan.

«Menga o‘xshash ba’zi shaxslar bu biznesdan chiqishga majbur bo‘ldi, ammo ular asta-sekin yana ortga qaytmoqda. Bu bozorni to‘xtatib bo‘lmaydi», – so‘zlaydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, qora bozor «hojatbarorlari» faqat rossiyaliklarning emas, balki xorij fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini ham qo‘lga kirita olar ekan.

Bi-bi-si Rus xizmati o‘z muxbirining Yevropa ittifoqi fuqarosi bo‘lmish rafiqasining shaxsiy ma’lumotlarini olishga buyurtma berdi va, tabiiyki, buyurtma o‘z vaqtida bajarildi.

Sotuvga qo‘yilgan shaxsiy ma’lumotlar orasida Bi-bi-si Rus xizmati jurnalistining pasport raqamlari ham bor.

Bi-bi-si Rus xizmati muxbirining Yevropa ittifoqi fuqarosi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i qilgan qo‘ng‘iroqlar yozuvi.

Maxfiy ma’lumotlarni sotishda ayblangan shaxslardan biri Bi-bi-si Rus xizmati bilan suhbatlashishga rozi bo‘ldi.

28 yashar Anatoliy Panishev Tele2 mobil operatorining sobiq xodimi bo‘lib, u kompaniya mijozlarining shaxsiy ma’lumotlarini pullagan.

«Ishimdan ketishni rejalashtirayotganim uchungina bu ishga qo‘l urganman. Biroz pul ishlab olmoqchi edim», – deydi u.

Panishev shaxsiy ma’lumotlarni sotish orqali 2018-yilda 40 ming rubldan ko‘proq pul topgan. Qilmishi fosh bo‘lgandan so‘ng 18 oylik shartli jazoga hukm etilgan.

«Ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa, G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada qonun bilan muammolar yuzaga kelishidan cho‘chigan kompaniyalar shaxsiy ma’lumotlarga nisbatan juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘ladi, – deydi Mark Galeotti. – Ammo Rossiya ma’lumotlar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratmaydigan ko‘rinadi».