Turkiya atom energetikasining regulyatori ikki marta Rossiya Turkiyada qurayotgan Akkuyu AES poydevorida yoriqlar aniqlagan.

"Haberturk"ning xabar berishicha, Rosatom qurayotgan Akkuyu AESning beton poydevorida ilk yoriq 2018-yil iyulida aniqlangan. Rosatom betonni qayta quyganidan keyin regulyator yangi yoriqni topgan – uni hal etish ishlari sentyabrda tugagan.

  • Akkuyu AES VVER-1200 reaktorlari bilan jihozlangan 4 ta energoblokdan iborat. Loyiha 20 mlrd AQSH dollariga baholangan.

Rosatom O‘zbekistonda ham har bir energoblokining quvvati 1,2 GVt bo‘lgan 2 ta energoblokdan iborat atom elektr stansiyasini qurmoqda.

  • AES quriladigan maydon rasman e’lon qilinmagan. Ammo 6 may kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida AES quriladigan maydon aniq bo‘lganini aytgan.
  • Stansiya qurilishi 2022-yilda boshlanishi, 2028-yil dekabrigacha stansiyaning birinchi energoblogi, 2030-yil iyunigacha ikkinchi energoblogi ishga tushirilishi rejalangan.

Markaziy Osiyoda birinchisi bo‘lishi kutilayotgan bu atom elektr stansiyasi ekspertlar va xalq orasida qarama-qarshi munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. AESning qurilishidan sof iqtisodiy maqsad ko‘zlangan deguvchilardan tortib, bu qurilish Rossiyaning Markaziy Osiyodagi geosiyosiy maqsadlariga xizmat qiladi deb xavfsiraydiganlar ham topiladi.