Rossiyada kollektorlik (qarz undirish bilan shug‘ullanuvchi) tashkilotlarini xursand etadigan vaziyat yuzaga keldi: fuqarolarning kredit yuki keskin oshmoqda, aholi daromadlari esa mana bir necha yildirki, pastga qulamoqda. 2018 yilda qarz-soliq undiruvchi agentliklarga taqdim etilgan qarzdorlar ro‘yxatidagi yangi raqamlar deyarli uchdan bir qismga ortgan - 6,4 millionga qadar.

Kollektorlik agentliklari qarzini o‘z vaqtida to‘lamayotgan fuqarolar ro‘yxatini banklar va mikromoliya tashkilotlaridan, asosan, ikki usulda oladi.

Birinchi usul: agentliklar banklardan fuqarolarning qarzlarini sotib oladi. EOS agentligining tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Ivan Komissarovning so‘zlariga ko‘ra, bu bozordagi takliflar ko‘lami 470 milliard rubl ($7,3 milliard)ga baholanadi.

Ikkinchi usul: banklar va mikromoliya tashkilotlari qarzlarni undirib berish uchun kollektorlik agentliklarini yollaydi. Komissarov 2018 yilda bank va agentliklar o‘rtasidagi bunday bitimlar miqdori uchdan bir qismga ortganini aytadi. 2017 yilda kollektorlar 5,3 million qarzdorlik ishi bo‘yicha buyurtmalar olgan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 6,4 millionga yetgan.

«Nihoyat, yorug‘ kunlar keldi,» mavjud vaziyatni shoirona tasvirlaydi Komissarov.

Komissarovning aytishicha, hozirda kollektorlar o‘z qo‘lidagi aholi qarzlarini 1 trillion rubl ($15,4 milliard)dan oshiqroqqa baholamoqda.

Rossiyadagi eng yirik kollektorlik agentliklaridan biri bo‘lmish «Birinchi kollektorlik byurosi» bosh direktori Pavel Mixmel birgina uning byurosining o‘zi 600 milliard rubl ($9,2 milliard)dan ko‘proq qarzdorlik yukini sotib olgan. Mixmel butun bozorni, taxminan, 1,8 trillion rubl ($27,8 milliard)ga baholaydi.

Ko‘p hollarda, agentliklar kredit bo‘yicha qarzlarni naqd pul va kredit kartalari orqali sotib oladi.

«2018 yilda bu sxema orqali banklarga 16 milliard rublga yaqin mablag‘ qaytarildi,» ma’lum qiladi Komissarov.

Vaqtida to‘lanmagan qarzning o‘rtacha miqdori, kishi boshiga chaqilganda, 2017 yili 73,6 rublni tashkil qilgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 79,4 rublga qadar o‘sgan.

Bozor o‘smoqda, deydi Mixmel Bi-bi-siga. U mazkur holatni rossiyaliklarning yanada ko‘proq kredit olayotgani bilan izohlaydi.

«Hozir holat bunday: oddiy qarzdor fuqaroda bir emas, balki ikki-uchta kredit mavjud. U avval yig‘ilib qolgan qarzlarni vaqtida to‘lashga imkon topolmayapti.»

Professional kollektorlik agentliklarining milliy uyushmasi (NAPKA) rahbari Elman Mextiyevning ta’kidlashiga ko‘ra, yaqin yillar ichida qarzdorlik ham, kollektorlik faoliyati ham sezilarli o‘sadi. U buni nafaqat kredit qarzlar olishning ko‘payishi, balki aholi daromadining tushib borayotgani va kollektorlar malakasining oshayotgani bilan tushuntiradi.

Rossiya Davlat Statistika Qo‘mitasining oxirgi ma’lumotlarida ta’kidlanishicha, rossiyaliklarning daromadi 2013 yildan beri 8,3 foizga pasaygan.

Ipoteka qarzdorligi

Kollektorlar yaqin kelajakda rossiyaliklarning ipoteka qarzlarini kechiktirishini kutmoqdalar. O‘tgan yili Rossiyada ipoteka kreditlarining keskin o‘sishi kuzatilgan: banklar fuqarolarga, umumiy hisobda, 3 trillion rubl ($46,2 milliard)dan ko‘proq ipoteka krediti bergan.

«Kechiktirilgan ipoteka qarzlari davri hali kelmadi, lekin kelajakda albatta keladi,» deydi Komissarov.

Mextiyevning fikricha, ipoteka bo‘yicha qarzlarning bir qismi allaqachon kechiktirila boshlangan. U buni boshlang‘ich badalning katta emasligi bilan bog‘laydi.

«Agar boshlang‘ich badal 30 foizdan kam bo‘lsa, u holda iqtisodiy turg‘unlik fonida juda ko‘plab odamlar qarzlarni vaqtida to‘lay olmay qoladi,» tushuntiradi u Bi-bi-siga.

Rossiyada kollektorlik faoliyatiga 2016 yilda qabul qilingan qonun bilan qator cheklovlar kiritilgan. Mazkur qonun kollektorlarga qarzdor iznisiz uning oila a’zolari va qo‘shnilari bilan muloqot qilishni taqiqlaydi. Shuningdek, telefon qo‘ng‘iroqlari va shaxsiy uchrashuvlar sonini cheklaydi.

Biroq Mextiyevning ta’kidlashicha, tartib-qoidalar hamma uchun bir xil emas. Amalda qarzlarni o‘zi undirishga urinuvchi banklar va mikromoliya tashkilotlar, aksar hollarda, tartibga solinmaydi.

Bundan tashqari «M.B.A Finansi» kollektorlik kompaniyasi bosh direktori Fedor Vaxata litsenziyasiz ishlovchi kollektorlik agentliklari faoliyatidan shikoyat qiladi.

Fedor Vaxataga ko‘ra, kollektorlik bozorining o‘sishi uchun yana bir imkoniyat - bu kommunal xizmatlar sohasidagi qarzlarni undirish.

«Bozorning bu qismida hali kollektorlar faoliyati keng quloch yozmagan. Shu sababdan kommunal qarzdorlik darajasi - juda ulkan.»

Oshayotgan malaka

Mextiyev, bundan tashqari, kollektorlarning malakasi oshayotgani sharofati bilan bozorda o‘sish kuzatilayotganini aytadi.

EOS agentligi bosh direktori Anton Dmitrakov telefon go‘shagini ko‘tarmaydigan qarzdorlar soni ko‘p ekanini bildiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kollektorlar bunday odamlar bilan aloqa o‘rnatish maqsadida messenjerlar, mobil ilovalar va boshqa usullardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Shuningdek, kollektorlar suhbatlarni tahlil qilish tizimini qo‘llashni ham oshirib bormoqda, deydi Dmitrakov. Agentlik va qarzdor o‘rtasidagi barcha telefon suhbatlari yozib olinadi va tizim buni tahlil qilib, har bir shaxs bilan muomala qilishning eng samarali usulini aniqlaydi.

Bundan tashqari kollektorlar qarzdorlarning ishlarini ham sinchkovlik bilan o‘rganib chiqadi. Ayrim holatlarda, qarzdorni sudga berishdan biror naf bo‘lmaydi, izohlaydi Dmitrakov.

«Ba’zida qarzdorlik yuzasidan allaqachon 15 bor sud o‘tkazilgan bo‘ladi. Bunday ishlar ortidan yugurishdan ma’no yo‘q,» deydi u.