Sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov ustidan yopiq sud jarayoni tugagan, hukm e’lon qilinadigan sud majlisiga jurnalistlar qo‘yilmaydi.

Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov Toshkentdagi matbuot brifingida ma’lum qilgan.

Gazeta.uz nashrining mulozimdan iqtibos keltirishicha, sobiq bosh prokuror ustidan jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sud hay’ati maslahat xonasiga kirgan.

Oliy sud vakili hukm e’lon qilinadigan aniq sanani tilga olmagan.

Bosh prokuror Otabek Murodov nima sababdan ishdan olingani aytilmayapti, uning qayerdaligi noma’lum.

O‘zbekiston: sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov xalqaro himoyaga muhtojmi?

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahar sudida Rashidjon Qodirov bilan birga mahkamaga tortilgan jami 13 kishiga nisbatan hukmning e’lon qilinishi kutilayapti.

Oliy sud mulozimlariga ko‘ra, sud hukmi haqida Oliy sud ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qiladi va sharh beradi.

Отабек Муродов

Mulozimlar hukm e’lon qilinadigan sud majlisiga jurnalistlarni qo‘ymaslik haqidagi qarorni jarayonning yopiqligi va "maxfiylik" grifi ostida o‘tishi bilan tushuntirganlar.

15 yil mobaynida O‘zbekistonning bosh prokurori lavozimida ishlagan Rashidjon Qodirov o‘tgan yil fevralida hibsga olingandi.

Sud jarayoni 2019-yil yanvarida boshlangan.

Rashidjon Qodirov o‘zi bosh prokuror bo‘lgan 2000 – 2015-yillar davomida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanadi.

U bilan birga mahkamaga tortilgan shaxslar haqida ma’lumot yo‘q.

"Katta srok oladi"

Rashidjon Qodirov ustidan sud jarayoni nihoyasiga yetgani haqidagi bayonot o‘tgan hafta ishdan olingan yana bir sobiq bosh prokuror Otabek Murodovning ustidan tergov borayotgani haqidagi xabar manzarasida yangragan.

20-iyun kuni ishdan olingan Murodovning tergovga jalb qilinganini prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyun kuni Senatning yalpi majlisida ma’lum qilgan.

Prezidentning so‘zlaridan anglashilishicha, sobiq bosh prokuror ham o‘zining o‘tmishdoshi kabi korrupsiyada ayblanmoqda.

"Mana ikkinchi prokurorni lavozimidan olib, jinoiy ish ochdik. Viloyat hokimidan $100 ming, tuman hokimidan $50 ming pora olgan", – deb aytgan Mirziyoyev.

U Otabek Murodov va uning boshqa o‘tmishdoshi, DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevning uzoq muddatga panjara ortiga tashlanishi ehtimoliga ishora qilgan.

"Abdullayev ham, boshqasi ham katta srok oladi hali", – deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

kun.uz

Prezident o‘tgan yili Rashidjon Qodirov ishi bo‘yicha ham shunga o‘xshash bayonot bergan, Qodirovni "ikki oyda televizorga chiqarib, gapirtirishi"ni aytgandi.

Ammo Qodirov televizorga chiqib gapirmagan va uning sudi kutilganidan uzoqroqqa cho‘zilgan.

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev o‘zi hokimiyatga kelgan 2016-yil sentyabridan buyon uchinchi bosh prokurorni tayinlagan.

Ushbu lavozimga Islom Karimov o‘limi ortidan prezident vazifasini bajarishdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan Senatning sobiq raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev tayinlangan.

Prezident Mirziyoyev yangi bosh prokuror oldiga "tizimni korrupsiyadan tozalash" vazifasini qo‘ygan.

Qiynoq iddaolari

Shu yil aprelida Londonda joylashgan Xalqaro amnistiya (Amnesty International) tashkiloti Rashidjon Qodirovning qiynoqqa solingani yuzasidan bayonot tarqatgan.

Nufuzli inson haqlari tashkiloti 67 yashar sobiq bosh prokurorning qiynoqlarga solinayotgani yuzasidan tezkor aksiya boshlaganini aytgan.

Xalqaro amnistiya jamoatchilikni O‘zbekiston prezidenti va boshqa rasmiylariga Rashidjon Qodirovni qiynoqlardan himoya qilishni so‘rab, maktub yozishga chaqirgan.

Tashkilotga ko‘ra, sobiq bosh prokuror jismoniy qiynoqlar, uyqu bermaslik, o‘lim tahdidlari va yaqinlariga nisbatan tahdidlarga yuz tutgan va o‘zi hamda boshqalarga qarshi guvohlik berishga majburlangan.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi qiynoq da’volarini rad etgan.

Bosh prokuratura Rashidjon Qodirovning "sog‘lig‘i uning qamoqda qolishiga hech qanday to‘sqinlik qilmasligi, badanida hech qanday jarohat bo‘lmagani"ni aytgan.