Checheniston Prezidenti me’mori o‘zbekistonliklar bo‘lgan Yevropadagi eng yirik masjid ochilishini tarixiy hodisa, deb atagan.

Ramzan Qodirovga ko‘ra, bu masjid va yettinchi hofizlar maktabining ochilishiga kelgan xorijlik mehmonlar soni 300 dan ortgan.

Shaliga Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa, Afrika va Shimoliy Amerikadan hay’atlar tashrif buyurishgan.

Checheniston prezidentining aytishicha, o‘shanda undan baxtli odam bo‘lmagan.

Hatto hozir ham his-hayajondaman, deb yozgan Ramzan Qodirov o‘zining "VKontakte"dagi rasmiy akkauntida.

Bu his-tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalab berishga ojiz ekanini ham e’tirof etgan.

Foto: Chustiy.uz

Checheniston prezidenti o‘zining xuddi shu postida o‘zbek paloviga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Payg‘ambar Muhammad (s.a.v) nomidagi "Musulmonlar iftixori" masjidining ochilish marosimi uchun xosan pishirilgan palovni Shalida minglab kishilar tatib ko‘rishga imkonli bo‘lishganini aytgan.

Rossiya tarixidagi eng yirik palov (uch tonnaga yaqin)ni tayyorlash uchun oshpazlar ataydan O‘zbekistondan kelishganini ta’kidlagan.

Shunday ajoyib masjidning ochilishi bilan yana bir bor Rossiya va dunyo musulmonlarini tabriklagan.

O‘zbekistonlik me’morlar loyihalashtirgan bu masjid yetti yilda qurib bitkazilgan.

Yangi masjidning ichkarisi va tashqarisida bir vaqtning o‘zida yuz ming namozxon o‘z ibodatini ado eta olishi aytilgan.

Foto: VK.COM/RAMZAN

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘zbekistonlik me’morlar loyihalashtirgan bu masjidning ochilishini bee’tibor qoldirmagan.

O‘zbekiston Prezidenti Ramzan Qodirovga Toshkentdagi Mo‘yi Muborak madrasasida saqlanayotgan qadimiy Qur’onning nusxasini hadya qilgan.

Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidentining sovg‘asini "juda nodir", deb atagan.

Har ikki tomon ham hadyani topshirish marosimi chog‘ida o‘zbek-chechen xalqlarini mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishini alohida qayd etishgan.

Yuz ifodasi, so‘zlari mazmuni va ohangidan O‘zbekiston prezidenti hadyasidan juda mamnun ekani ko‘rilgan.

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan so‘nggi bor 2017 yilning oktyabr oyida bo‘lgan.

Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan.

Orada O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich kuyovi bilan tushgan suratini ham o‘zining ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi akkauntlarida bo‘lishgan.

Bu surat ham o‘shanda ozmuncha e’tibor tortmagandi.