O‘tgan iyul oyida dunyoda kuzatilgan ikkita chigirtka yomg‘iri hammani hayratga soldi.

Avval chigirtkalar Las-Vegas ustiga yog‘di. Keyin minglab chaqirim uzoqda, urushlardan sillasi qurigan Yaman ustiga chigirtka yopirildi.

Chigirtkalar yo‘lda duch kelgan ekinni yeb bitiradi.

Yaqin kelajakda Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi jami 60 mamlakat ustiga mo‘r-malax yopirilishi mumkin.

Demak, bular orasida O‘zbekiston ham bor.

O‘zbekiston aksar sahro, cho‘l va chalacho‘l bo‘lib, Afrika va Yaqin Sharqdan chiqqan chigirtkalar sakrab-sakrab to‘siqsiz kelishi mumkin. O‘rtada baland tog‘lar yoki ulkan dengizlar yo‘q.

Eng xavotirli jihati – bu mamlakatlarda chigirtka yomg‘irlari tez-tez ro‘y berishi kutiladi va oziq-ovqat ta’minotini izdan chiqarishi ehtimoli ortib borayotir.

Ochofat mo‘r-malax

Cho‘l chigirtkasi bir kunda o‘z tanasiga teng miqdorda ovqat yeydi / Foto: FAO

Jahonda iqlim isishi qurt-qumursqalar, xususan, chigirtkalarning ovqat hazm qilish xususiyatini o‘zgartirib yuborgan.

2018-yili AQSH olimlari tarafidan Science («Ilm-fan») jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga binoan isiyotgan ob-havo bois chigirtkalar faollashib, jadal ko‘payishlari uchun qulay imkoniyat yaratiladi.

Ayni paytda ularniing ishtahasi ham ochiladi: cho‘l chigirtkasi bir kunda o‘z tanasiga teng miqdorda oziq-ovqat yeydi.

Har bir daraja isigan harorat – chigirtkalar yetkazadigan zarar 10-25 foiz ko‘payadi degani.

Iqlim isib borarkan, bug‘doy, sholi, makkajo‘xori va boshqa ekinlarni yig‘ib olmasdan turib, ularni chigirtkalar yeb bitira boshlaydi.

Ayniqsa, katta miqdorda bug‘doy va sholi ekiladigan mamlakatlar ko‘p aziyat chekishi mumkin.

Nafaqat chigirtkalar, umuman, ekin-tikinni yeydigan boshqa qurt-qumursqalar ham ko‘payishi kutiladi.

Ayniqsa, O‘zbekiston kabi quruq iqlimli, tropik bo‘lmagan mamlakatlarda chigirtkalar tez ko‘payadi.

Ob-havo qancha isisa, chigirtkalar ham shuncha tez ko‘payadi / Foto: GETTY IMAGES

Boshqa qurt-qumursqalar ham ko‘paysa-da, ammo ekinlarni yeb tugatish bobida hech qaysi chigirtkaga yetmaydi.

Afrikada oxirgi yillari chigirtkalar ikki yarim milliard dollarlik zarar yetkazgan.

Dunyo miqyosida olganda, oziq-ovqat ta’minotiga chigirtka yetkazadigan ziyon kichik – atigi 0,02 foiz.

Ammo chigirtka balosiga duch kelgan mamlakatda ayni ko‘rsatkich ancha baland bo‘lishi va insoniy yoki iqtisodiy inqirozga yo‘l ochishi ehtimoli yo‘q emas.

«Kelajakda iqlim yanada quruqlashishi chigirtkalar tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi va oqibati yomon bo‘ladi», – deydi chigirtkalar bo‘yicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri Mishel Likok.

«Ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarda ekin-tikinga, o‘tloqlarga, oziq-ovqat ta’minotiga va, alal oqibatda, kambag‘al insonlarning dasturxoniga yetadigan zarar ulkan bo‘lishi mumkin», – deb ta’kidlaydi olim.

Qadimiy ofat

Chigirtka balosi Injil va Qur’oni karimda ham tasvirlangan / Foto: GETTY IMAGES

BMT Oziq-ovqat tashkiloti esa cho‘l chigirtkasi ko‘payishi dunyo aholisining 10 foiziga zarar yetkazadi deb xavotirlanmoqda.

Kichkina chigirtka galasi bir kunda 35 ming odam yeydigan oziq-ovqatni yamlamay yutib yuboradi.

Chigirtkalar sholi, bug‘doy, arpa va makkajo‘xorini juda yaxshi ko‘radi.

Chigirtkani insoniyat azaldan balo-qazo deb bilgan va qadimiy ilohiy kitoblar – Bibliya va Qur’onda ham eslatilgan.

Qadimiy Rim tarixchisi Plini Elderning yozishicha, chigirtka balosi tufayli Liviya, Jazoir va Tunisda 800 ming odam nobud bo‘lgan.

O‘tgan asr o‘rtasida – 1958-yili esa Efiopiyani bosgan chigirtkalar 167 ming tonna g‘allani yeb bitirgan.

Buncha don bir million odamni bir yil boqishga yetardi.

Ochofat chigirtkalar bir necha haftada butun boshlik mamlakatni ochlik yoqasiga keltirib qo‘yishi mumkin. / Foto: GETTY IMAGES

Baland va uzoq uchayotgan mo‘r-malax

Chigirtkalar metabolizmi iqlim isishi bilan sekinlashib bormoqda.

Ob-havo o‘zgarishi tufayli qish faslining iliq va nam kelishi ham chigirtkalarni ko‘paytirayapti.

Cho‘l chigirtkasi galalari bir kunda 150 kilometr masofani uchib o‘tmoqda.

Kun qanchalik ko‘p isisa, ularning uchishi bundan ham tezlashadi.

Futbol bo‘yicha 2014-yilgi jahon chempionatiga ham chigirtkalar yetib kelgandi / Foto: GETTY IMAGES

Issiq havoda ular balandroq uchadi va tog‘, qir kabi tabiiy to‘siqlardan ham oshib o‘taveradilar.

Agar shamol yo‘nalishi o‘zgarib qolsa, yangidan-yangi hududlarga yetib boradilar.

«Iqlim o‘zgarayotgani bois chigirtkalar tez-tez paydo bo‘lib, yanada kattaroq zarar yetkaza boshlashadi», – deydi Arizona universiteti olimi Arianna Siiz.

Nafaqat chigirtka yeydigan sholipoya yoki bug‘doyzorlar xavf ostida qoladi, balki boshqa ekinlarga ham qurt-qumursqa tahdidi kuchayadi.

Masalan, paxta ham qurt-qumursqadan aziyat chekadi.

Pokiston allaqachon paxtazorlarini bosgan qurt-qumursqa qarshisida qolmoqda.

Paxta – Pokiston chetga sotadigan mahsulotlarning yarmini tashkil etadi.