Uyini dollarga sotgan fuqaroning javobgarlikka tortilgani yolg‘on bo‘lib chiqdi. Bosh prokuraturaning raddiyasi bu xabarlar chiqqanidan 4 kun o‘tib e’lon qilinmoqda.

"Rasman ma’lum qilamizki, Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan bunday tadbir o‘tkazilmagan va o‘z-o‘zidan fuqarolar R.T. hamda N.L.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 177- va 189-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan", – deyiladi BP matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

11 mayda Kun.uz Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga asoslanib, ikki xonali uyni 25 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtda sotuvchi va xaridor qo‘lga olingani va jinoiy javobgarlikka tortilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Bu xabar jamoatchilikning g‘azabiga va jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Inflyasiya darajasi yuqori bo‘lgan O‘zbekistonda AQSH dollarida oldi-sotdi qilish odatiy hol hisoblanadi.

"Jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati taqdim etgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirishni qat’iy so‘rab qolamiz", – deb xulosa qiladi Bosh prokuratura.

Davlat organlari yoki mulozimlar "ko‘tarinki hisobotlar" berib, jamiyatdan dakki yegandan keyin so‘zidan qaytgani birinchi bor uchramayapti. Bir yil oldin Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev vodiydagi to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovni taksiga o‘tqazib yuborganini aytgan, keyinchalik bu voqea to‘qima bo‘lib chiqqan edi. Quronboyevning bu uydirmasi o‘zbek jamoatchiligining g‘azabiga duchor bo‘lgan, ko‘pchilik Yoshlar ittifoqining "yo‘lto‘sar" raisi iste’fosini talab qilgan edi.