Qozoq politsiyasi bo‘sh plakat ko‘targan fuqaroni bo‘linmaga olib ketib so‘roq qilgan.

24 yoshli Aslan Sagutdinov 6-may kuni Qozog‘istonda oppoq qog‘oz ko‘tarib chiqqan fuqaroga ham toqat qilinmasligini ko‘rsatish maqsadida tajriba o‘tkazdi. U G‘arbiy Qozog‘iston viloyati ma’muriy markazi O‘rol shahridagi Abay maydoniga chiqib, oppoq qog‘ozni ko‘tarib turgan. Baqirmagan, norozilik bildirmagan, hech qanday shiorlar aytmagan.

5 daqiqa o‘tmay politsiya xodimlari uni so‘roqqa tuta boshlashadi. Aslan ehtiyot chorasini ko‘rib, hamkasblaridan bo‘lajak voqealarni videoga yozib olishni so‘ragan.

“Men hech qanday piketda ishtirok etmayotgan oddiy fuqaroman, qo‘limdagi plakatda hech narsa yozilmagan, hech qanday shiorni aytib baqirmasam ham, baribir politsiya meni olib ketishini ko‘rsatmoqchiman”, – degan Aslan Sagutdinov.

“Siyosiy absurd. Bu ketishda ertaga Qozog‘istonda oq qog‘oz va oq mato ham sovuq va o‘qotar qurolga tenglashtiriladi. Har bir oq qog‘oz va rulonni sotib olishdan oldin ruxsat olish kerak bo‘ladi”, – deb yozgan siyosatshunos va jamoat faollaridan biri Dosim Satpayev.

Politsiya keyinchalik Aslanni qo‘yib yuborgan. “Ular menga nima ayb qo‘yishni bilolmay qolishdi”, – deydi u.

Nursulton Nazarboyev prezidentlik kursisini topshirgandan beri Qozog‘istonda ko‘cha namoyishlari bo‘lib kelayapti. Namoyishlar avvaliga Ostona shahri nomi xalq bilan hisoblashmay o‘zgartirilgani sababli boshlangan. Keyinchalik siyosiy talablar yangray boshlagan. Iyunda o‘tajak prezident saylovi adolatli o‘tmasligi, sobiq prezident va uning oilasining kuchli ta’siri saqlanib qolayotganidan norozi bo‘lib namoyish o‘tkazayotganlar ham bor.