Qozog‘istonning Oqtov shahrida O‘zbekiston bosh konsulligi ochiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev "Daryo" muxbiri bilan suhbatda aytgan.

"Shahar Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlariga qo‘shni bo‘lgan hamda mehnat muhojirlari Rossiyaga yo‘l olganda o‘tadigan Mang‘istov viloyatining ma’muriy markazi. Oqtov Qozog‘istonning tez rivojlanayotgan hududlari qatoriga kiradi. Eng muhimi, bu yerda Kaspiy dengiziga olib chiqadigan ikki port, "Shevron" kabi ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar vakolatxonalari joylashgan", deyagan elchi nega aynan Aktau tanlanganini izohlarkan.

Uning aytishicha, kelgusida Qozog‘istonning shu kabi yirik va muhim boshqa mintaqalarida ham bosh konsulxonalar ochish rejalashtirilgan. "Bu mehnat muhojirlari, sayyohlar, talabalar uchun qulaylik va yengillik bo‘ladi", degan elchi.

Hozirgacha Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda O‘zbekiston elchixonasi va Olmaota shahrida bosh konsulxona bor.