Rossiyaga mashinasini sotolmay qolgan «Uzautomotors» ularni Qozog‘istonda yig‘ish orqali muammoni hal qilmoqchi. Biroq endi O‘zbekistondagidan ham qimmatga tushayotgan bu mashinalar bilan Rossiyada yo‘qotgan bozorni qayta zabt etib bo‘ladimi?

Olmaotada Qozog‘istonda yig‘ilishi kutilayotgan Nexia R3 avtomobilining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

E’tiborli tomoni avtomobillarning narxi O‘zbekistondagidan qimmat.

"O‘zbekistonda ham narxlar shunday. Narxlarimiz raqobatbardosh. Shuning uchun ham narxlarni ko‘tarmaymiz ham, tushirmaymiz ham. O‘zbekistondan keltirish va boj to‘lovlari xarajatlari bo‘lgani uchun hatto Qozog‘iston bozorida narxlar qimmatroq", – deydi Qozog‘iston Ravon motors bosh direktori Rustam Matmusayev.

Qozog‘istonda yig‘iladigan Nexia R3 mashinalari 9900 dollardan boshlab 11200 dollargacha sotiladi. Ayni shu rusumdagi mashinalar O‘zbekistonda 8600 dollardan 10000 dollargacha sotiladi.

«Uzautomotors» korxonasi direktori Aleksandr Saxabov o‘zbekistonliklarga chetdagilarga nisbatan qimmat avtomobil sotish amaliyoti o‘tmishda qolganini aytadi.

"Oldin farq bor edi. Ikki yil davomida mashinalarning tannarxini tushirish bo‘yicha va ular ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham bir xil narxda bo‘lishi uchun katta ishlar qildik", – deydi «Uzautomotors» boshqaruvchi direktori Aleksandr Saxabov.

Shu yil oxirigacha Qozog‘istonning Qo‘stanay shahrida 16 ming dona Nexia R3 mashinalari yig‘iladi. Ularning 6 mingtasi ichki bozorda sotilsa, qolgan 10 mingini Rossiyaga eksport qilish ko‘zda tutilgan.