Aris shahridagi o‘q-dori ombori portlashi oqibatida Qozog‘istonda qolib ketgan poyezd yo‘lovchilari Toshkentga avtobuslarda olib kelindi.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 25-iyunda Ufa shahridan kelayotgan 382-temiryo‘l reysining barcha yo‘lovchilari avtobuslar orqali Toshkent shahriga yuborilgan.

Chelyabinsk – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan va portlash sababli Turkiston shahrida to‘xtatib qo‘yilgan reys yo‘lovchilari «Jibek jo‘li» – «G‘ishtko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktigacha Turkiston viloyati hokimiyati ko‘magida, Toshkent shahrigacha esa «O‘zavtotrans» avtobuslarida yetkazilgan.

25-iyun kuni kechasi Chimkent shahrida to‘xtatib qo‘yilgan Novosibirsk – Toshkent reysining 264 nafar yo‘lovchisi Toshkent shahriga bugun yetkazilgan.

Aris hodisasi deb uch mingdan ortiq yo‘lovchi poyezdlarda qolib ketgan.

  • 24-iyunda Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston (sobiq Janubiy Qozog‘iston) viloyati Aris shahrida o‘q-dori omborida portlash sodir bo‘lgandi.
  • 165 kishi jabrlangan, uch kishi o‘lgan.