Qozog‘iston prezidenti Qosimjo‘mart To‘qayev mamlakat prezidentligiga navbatdan tashqari saylov 9-iyunda bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

"Mamlakat rahbari saylovini o‘tkazishni mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydi. Har qanday mavhumlikning oldini olish kerak. Dunyodagi vaziyat bizning zararimizga o‘zgarayapti", – deb asoslagan Qosimjo‘mart To‘qayev o‘z qarorini xalqqa qilgan telemurojaatida.

9-iyundagi prezident saylovida 4 partiyadan bittadan nomzod va turli jamoat tashkilotlaridan bir necha nomzod qatnashishi kutilmoqda.

  • Qosimjo‘mart To‘qayevning o‘zi ham saylovda hukmron "Nur Otan" partiyasidan qatnashadi.
  • Undan tashqari Azat Peruashev ("Aq jo‘l"), Ayqin Konurov ( "KNPK" partiyasi), Ali Bektayevlarning ("Auil" partiyasidan) ham nomzodi ko‘rsatilgan.
  • Qosimjo‘mart To‘qayevdan tashqari, eng kuchli nomzodlardan biri birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning qizi, hozir Senat raisi Darig‘a Nazarboyeva hisoblanadi.

19-mart kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo rahbarlari orasida ilk bor o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan edi.

Iste’fodan so‘ng Nazarboyev o‘zining elboshi va Xavfsizlik kengashi raisi maqomini saqlab qolgan. U Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida ham umrbod qoldi.