Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston (sobiq Janubiy Qozog‘iston) viloyati Aris shahrida qurol-yarog‘ omborida portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9 atrofida boshlangan kuchli portlashlar oradan 8 soatdan o‘tgan bo‘lsa ham tinmayapti.

  • Viloyat hokimi Umirzoq Shukeyevning ma’lum qilishicha, mashinasiga snaryad kelib urilishi natijasida bir kishi halok bo‘lgan.
  • 31 kishi jabrlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.
  • Aholi evakuatsiya qilinmoqda.
  • Aholi portlash sodir bo‘lgan joydan 50 chaqirim uzoqlikdagi Muntaytas qishlog‘i va Chimkent shahriga olib chiqilmoqda. Buning uchun 56 ta avtobus ajratilgan.
  • Chimkent shahrida 15 ta evakuatsiya joyi tashkil qilingani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan videolarda aholi topgan mashinada, topmagan piyoda shaharni tark etayotganini ko‘rish mumkin. Shahardan chiqib ketayotgan odamlar ortida osmonga o‘rlagan quyuq tutun va portlash ovozlari eshitilib turibdi.

Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar portlash sodir bo‘layotgan hududga yaqinlasha olmayapti. Jabrlanganlar borasida ma’lumot yo‘q.

"Portlash shiddati so‘ngan bo‘lsa-da, biroq muntazam ravishda portlab turibdi. Shuning uchun ham o‘t o‘chiruvchilarimiz hodisa joyiga borib, uni o‘chira olmayapti. Jabrlanganlarning umumiy soni ma’lum emas. Evakuatsiya ishlari davom etmoqda", – degan Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rasmiy vakili Nursultan Nurahmetov.

Turkiston viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati Arisdagi portlash sabab 23 kishi shifoxonaga olib kelinganini ma’lum qilgan.

Arisdagi qurol-yarog‘ saqlanadigan harbiy qism 1930-yillarda tashkil topgan.

2009-yilda aynan shu harbiy qismdagi qurol omborida portlash sodir bo‘lgan. Natijada 3 kishi halok bo‘lgan va 17 kishi jarohatlangandi.