Qozog‘istonda o‘zini plakat ko‘targandek ko‘rsatib suratga tushgan Facebook foydalanuvchisini qozoq politsiyasi olib ketib, so‘roq qilgan.

9-may bayrami arafasida Nur-Sultonda (sobiq Ostona shahri) huquq faollaridan Janbot Aljanovani fuqaro kiyimidagi shaxslar ko‘chada tutib, politsiya idorasiga olib ketishgan. Aljanova o‘zini plakat tutgandek ko‘rsatib tushgan suratini Facebook’dagi sahifasida ushlab ketilishidan uch kun oldin e’lon qilgan ekan.

Suratga “Mana shunday plakat bilan chiqishga qaror qildik. Nima deb o‘ylaysiz, qamashadimi? Provokatsion hech narsa yozilmagan lekin”, deb izoh yozib qo‘ygan.


Aljanovaning aytishicha, ko‘chada nomalum shaxslar ushlab, majburan mashinaga o‘tqazib, Nur-Sulton shahri Baykonur tumani ichki ishlar bo‘limiga olib borishadi. Undan telefonini olib qo‘yishadi, o‘zidan telefonda qanday ilovalardan foydalanishi, siyosiy qarashlari, ekstremistlarga aloqasi bor-yo‘qligini surishtirishadi. Faolning aytishicha, ushlab ketilganda u yengil tan jarohati olgan.

  • Nursulton Nazarboyev prezidentlik kursisini topshirgandan beri Qozog‘istonda ko‘cha namoyishlari bo‘lib kelayapti. Namoyishlar avvaliga Ostona shahri nomi xalq bilan hisoblashmay o‘zgartirilgani sababli boshlangan. Keyinchalik siyosiy talablar yangray boshlagan. Iyunda o‘tajak prezident saylovi adolatli o‘tmasligi, sobiq prezident va uning oilasining kuchli ta’siri saqlanib qolayotganidan norozi bo‘lib namoyish o‘tkazayotganlar ham bor.
  • 6-may kuni 24 yoshli Aslan Sagutdinovni hech narsa yozilmagan plakat tutib turgani uchun politsiya tutib ketgan edi.

78 yashar Nursulton Nazarboyev 2019-yilning mart oyida iste’fo berishi ortidan senatning 65 yoshli raisi Qosimjo‘mart To‘qayev mamlakatning muvaqqat prezidentiga aylangan. Belgilangan qonunga ko‘ra u mamlakatni 2020-yilning apreliga qadar boshqarishi lozim edi.

  • Biroq shu oy boshida To‘qayev mamlakatda muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan. Prezident saylovi 9-iyunga belgilangan.
  • Qozog‘istonning hukmron "Nur-Otan" partiyasi iyunda o‘tuvchi prezident saylovida muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qayev nomzodini ilgari surdi.
  • To‘qayevdan boshqa yana 7 nomzod saylovda ishtirok etadi.