Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahridagi talab yuqori bo‘lgan 81 ta maktabga qo‘shimcha kvota asosida qabul boshlanmaganini ma’lum qildi.

Bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan qaror tarixi: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 469-qaroriga muvofiq Toshkentdagi 81 ta maktabda tajriba o‘tkazilishi, unga ko‘ra boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangan edi.

Yangi tartibni joriy etishdan quyidagilar ko‘zlangan edi:

  • mikrohududdagi bolalarni maktabga joylash;
  • talab katta bo‘lgan maktablardagi koeffitsiyentni barqarorlashtirish;
  • bir sinfda o‘quvchilar sonini 35 tadan oshirmaslik;
  • maktab yoshiga yetmagan va ta’lim tilini bilmaydigan bolalarni qiynamaslik;
  • maktablarga qo‘shimcha pul topish imkoniyatini yaratish.

Hujjat e’lon qilingandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangilik turlicha qarshi olindi. Kimlardir bu shu paytgacha amalda bo‘lib kelgan korrupsion usullarga zarba berishini aytib olqishlagan bo‘lsa, ayrim foydalanuvchilar bunga qarshi chiqishdi.

Jamoatchilik fikrlari asosida hujjatga o‘zgartirish kiritilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qaror loyihasini tayyorladi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyiha qo‘shimcha kvota asosida qabul tartibini belgilab beradi. Shuningdek, loyihada pulli qabul tartibini bekor qilish taklif etilmoqda.

Yangi tartib qanday bo‘lishi mumkin: talabgir 81 ta maktabning mikrohududida yashovchi taxminan 8 mingga yaqin yetti yashar bolalar birinchi sinfga qabul qilinganidan keyin maktablarga yana 4,7 ming o‘quvchini qo‘shimcha qabul qilish mumkin bo‘ladi. XTVning yangi taklifiga ko‘ra qo‘shimcha kvota bo‘yicha o‘qish huquqiga eng avvalo quyidagilar loyiq ko‘rilishi mumkin:

  • shu mikrohududda yashovchi olti yoshga to‘lgan bolalar;
  • shu maktablar o‘qituvchilarining farzandlari;
  • boshqa mikrohududda yashovchi, ammo akasi/opasi shu maktabda o‘qiydigan bolalar,
  • mikrohududda istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari.

Bu yakuniy ro‘yxat emas. Vazirlar Mahkamasida qaror loyihasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
Hujjat Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinganidan keyingina Toshkent shahridagi talabgir maktablarga qo‘shimcha kvota asosida qabul ochiladi. Ayni paytda hukumat qarori ilovasida ko‘rsatilgan 81 ta maktabga o‘sha mikrohududda yashovchi yetti yashar bolalar birinchi sinfga qabul qilinmoqda.

Ushbu tartib faqatgina Toshkentdagi talab yuqori bo‘lgan maktablarga tegishli. O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi maktablarda qabul davom etmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi talabgir maktablarda qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha qabul boshlanishi bilan bu haqda o‘zining rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ma’lum qildi.