Kam ta’minlangan o‘quvchilarga bepul qishki kiyim berish o‘rniga ularni yagona maktab formasi bilan tekin ta’minlash taklif etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasida shu narsa nazarda tutilgan.

"Kam ta’minlangan o‘quvchilar uchun xarid qilinadigan qishki issiq kiyim-boshlarga ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobiga shu toifadagi o‘quvchilar uchun tasdiqlangan standartlarga mos maktab formasini berish taklif etilmoqda", – deyiladi XTV xabarida.

Bu nega muhim: kam ta’minlangan o‘quvchilar uchun shu paytgacha xarid qilingan qishki kiyimlar (palto yoki kurtka, etik, telpak va qo‘lqop) maktab o‘quvchilari orasida tashqi ko‘rinishi, dizayn jihatidan sezilarli farq qilgan. Natijada ijtimoiy tabaqalanish ko‘rinib qolayotgani sababli ba’zi ota-onalar bu kiyimlarni olishdan bosh tortayotgan edi.

Shu bilan birga, maktablarda yagona forma tatbiq etilishi ortidan o‘quvchilar o‘rtasida kiyimga qarab ijtimoiy tabaqalanishning oldi olinadi. Biroq ko‘p bolali va kambag‘al oilalar maktab formasini bir nechta farzandiga bir vaqtda sotib olishda qiynalayotgan edi.

Istisno tariqasida kam ta’minlangan o‘quvchilar uchun sotib olinishi rejalashtirilayotgan maktab formasini “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining maxsus tasdiqlangan ro‘yxatiga qo‘shish va shu ro‘yxatdagi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali buyurtma qilish taklif etilayapti.

Yangi formalar kambag‘al o‘quvchilarga yetib borishini maktablarning kuzatuv kengashlari va mahalla vakillari birgalikda nazorat qiladi.