Qirg‘iziston bosh vaziri Chuy viloyatining hokimi Tuygunali Abduraimovni jurnalist ayolga qo‘pol muomala qilgani uchun lavozimidan bo‘shatdi.

Masala tarixi: Tuygunali Abduraimov 5-iyun kuni So‘quluq tumanidagi O‘ro‘q qishlog‘ida sodir etilgan ommaviy mushtlashuv ortidan voqea joyiga borgan ayol jurnalistlardan biriga qo‘pol muomalada bo‘lib, “Sizning yuzingiz menga yoqmayapti” deb aytgan edi. Keyinroq hokim bu gapini muxbirning "prokurorcha ohangi" unga yoqmagani bilan izohladi.

Bu voqea internetda tezda yoyilib ketdi va jurnalistlar orasida “Men jurnalistman. Mening yuzim o‘zimga yoqadi. Menga hukumatimizning yuzi yoqmaydi” deb nomlangan tadbir boshlanib ketgan edi. Yuzlab odamlar Chuy viloyati rahbarining ishdan bo‘shatilishini talab qilib chiqdi.

6-iyun kuni viloyat hokimiyatiga norozilik bildirib borgan o‘nlab jurnalistlarga Tuygunali Abduraimov o‘z harakatidan uyalmasligini va jurnalistdan ayol bo‘lgani uchun kechirim so‘rashga tayyorligini, lekin muxbir sifatida undan kechirim so‘ramasligini aytgandi.

Tuygunali Abduraimov qirg‘iz siyosatining oqsoqollaridan biri hisoblanadi. Deyarli barcha avvalgi ish joylarida u turli ixtilof va janjallarga aralashib yurgani bilan mashhur.