O‘zbekiston Qirg‘izistonga $100 mln kredit beradi. Ayni paytda xizmat safari bilan Qirg‘izistonda bo‘lib turgan Abdulla Aripov qirg‘iz hamkasbi bilan Qirg‘izistonga kredit ajratilishini ko‘rib chiqishganini Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Sanjar Mukanbetov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Kredit liniyasi ochilishi ikki davlat prezidentlarining 2018-yil kuzidagi uchrashuvida kelishilgan.

“Biz ushbu mablag‘ni Qirg‘izistonda teri va junni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga berishni taklif qilayapmiz”, – degan Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri.

Uning qayd etishicha, hozir tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish harakatida. 2018-yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 340 mln dollarni, 2019-yilning besh oyi davomida esa 130-140 mln dollarni tashkil etgan.

“Import hajmi eksportnikidan yuqoriroq. Biz O‘zbekistondan asosan meva-sabzovotlarni import qilamiz, ko‘mir va sementni eksport qilamiz. Ayni paytda Qirg‘iziston sementi O‘zbekistonga imtiyozli shartlar asosida yetkazilmoqda, biroq imtiyoz muddati 2019-yilning 1-oktyabr kuni tugaydi. Biz ushbu imtiyoz saqlanib qolishi uchun kelishishga harakat qilamiz”, – degan Sanjar Mukanbetov.

Kreditdan tashqari, ikkitomonlama hamkorlikka oid boshqa ko‘plab masalalar ham ko‘rib chiqiladi. Jumladan, kengaytirilgan va tor doiradagi muzokaralar chog‘ida Kosonsoy (O‘rtato‘qay) suv omboridan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvni qanday amalga oshirish, chegara delimitatsiyasi va demarkatsiyasi masalasi ham muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Minbar.uz manbasining xabar qilishicha, muzokaralardan so‘ng ikki davlat Bosh vazirlari ishtirokidagi hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi va O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston chegaradosh hududlari rahbarlari kengashining yig‘ilishi 2019-yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vazirliklari, karantin xizmatlari o‘rtasida hamkorlik qilish hamda mineral o‘g‘itlar eksporti bo‘yicha hujjatlar imzolandi.