Qirg‘iziston davlat bojxona xizmati O‘zbekiston bilan chegaradagi ishlamay turgan o‘tkazish-nazorat punktlarini qayta ochish taklifini ilgari surmoqda. Bojxona xizmati bu taklifni 2019 – 2020-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi doirasida kiritgan deb xabar beradi Gezitter.org nashri.

Hujjatda ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq kuchaygani bois qo‘shimcha yo‘llar kerak bo‘lmoqda. Shuningdek, mahsulotlarni chegaradan olib o‘tish uchun bojxona jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish taklif qilinmoqda.

Hozir O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 15 ta chegara nazorat-o‘tkazish punkti mavjud.

«Biroq bugungi kunda ulardan faqat 8 tasigina ishlamoqda. Qolganlari esa O‘zbekiston hukumatining bir tomonlama qarori bilan yopiq holatda qolmoqda. Ikki mamlakat hukumati bularni qayta ochish masalasini ko‘rib chiqishi kerak», – deb keltiradi nashr qirg‘iz bojxona xizmatining rasmiy vakili bo‘lmish Gulmira Boruboyevaning so‘zlarini.

Ayni paytda ishlamay turgan nazorat-o‘tkazish punktlarini qayta ochish masalasi hukumatlararo darajada kun tartibiga kiritilgani yoki kiritilmagani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q.

2005-yilda yopilgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara punktlari 2016-yilning sentyabrida rasmiy Bishkek va Toshkent munosabatlari yaxshilangani ortidan qayta ochilgan edi.