Bosh prokuratura sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov va uning jinoiy sheriklari deb ko‘rilaëtgan yana 12 nafar sobiq mulozimlardan ayrimlari tergov paytida jismoniy va ruhiy qiynoqlarga tutilganini rad etdi.

Avvalroq Ozodlik radiosi sobiq prokuratura mulozimlari ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudida o‘tayotgan yopiq jarayonda 17-aprel kuni ko‘rsatma bergan sudlanuvchilardan ayrimlari tergov paytida jismoniy va ruhiy qiynoqlarga tutilganini da’vo qilgani haqida xabar bergan edi.

Xususan, ayblanuvchilar Ulug‘bek Sunnatov (Bosh prokuror sobiq o‘rinbosari - tahr.) va Ulug‘bek Xurramov (Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i sobiq o‘rinbosari ) sudda ularga nisbatan turli darajada qiynoqlar ishlatganini aytgan edilar.

Dastlabki tergov Jinoyat-protsessual kodeksining qoidalariga qat’iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan.

Ayblanuvchilar Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramov ularga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan, bu esa ularga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir", - deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan rasmiy raddiyada.

Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning aytishicha, dastlabki tergov va sud jarayonida barcha ayblanuvchilarning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiy muassasalarining doimiy tibbiy kuzatuvida va nazorati ostida bo‘lmoqda.

Rashitjon Qodirov va aksar sudlanuvchilar¸ Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.