Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari yil oxirigicha o‘z lavozimini saqlab qoldi. Ularni bo‘shatib yuborish "vaziyatdan chiqishning eng oson yo‘li", hokimlar buning o‘rniga yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatishda shaxsan ishtirok etishi maqsadga muvofiqroq deb hisoblaydi Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi.

“Qoplanishi kerak bo‘lgan zarar miqdori, jabr ko‘rgan aholini moddiy va ma’naviy jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlash ta’minlanishini hisobga olgan holda viloyat hokimlari va boshqa mas’ul shaxslarning egallab turgan lavozimidan darhol ozod etilishi ular uchun vaziyatdan chiqishning eng oson yo‘lidir. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar uchun mas’uliyat va mashaqqat endi ularning ishini davom ettiruvchilar zimmasiga tushadi”, – deyiladi PA va VM qo‘shma bayonotida.

Shuni inobatga olib, prezident hududlar rahbarlarining joylarda yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatish, fuqarolarning mulk huquqlari va hukumatga ishonchini to‘liq tiklash bo‘yicha ishlarda ularning shaxsan ishtirok etishini ta’minlash maqsadga muvofiq ekani to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolari va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgani uchun:

  • Farg‘ona viloyati Rishton tumani hokimi, iqtisodiyot va qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari;
  • Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi, uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tuman prokurori,
  • Urganch shahar hokimi o‘rinbosarlarini egallab turgan lavozimidan ozod etdi.

Yil yakunlari bo‘yicha barcha viloyatlar, jumladan, Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, joylarda yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga baho beriladi.

Avvalroq videoselektorda Mirziyoyev jamiyatda jiddiy norozilik kayfiyatlariga sabab bo‘lgan va O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayotgan viloyat rahbarlariga chora ko‘rishni bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga topshirgan edi.

“Sizlarga o‘xshagan noinsoflar bilan ishlaganim uchun O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayapsizlar. Ermanov, G‘aniyev, Ro‘ziyev va shunga o‘xshagan odamlar. Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar”.