Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro osmoni xorij aviakompaniyalari uchun ochildi. Shavkat Mirziyoyevning 13-avgustdagi farmoni bilan ushbu shaharlardagi xalqaro aeroportlarda «ochiq osmon» rejimi joriy etildi.

2019-yil 1-oktyabrdan boshlab «Qarshi», «Nukus» va «Termiz» xalqaro aeroportlarida «beshinchi havo erkinligi», «Buxoro» aeroportida xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda «beshinchi havo erkinligi» qo‘llanadi.

«Ochiq osmon» nima degani: bunday rejimga ko‘ra aeroport istalgan aviakompaniya samolyotlarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu rejim turistlar oqimini oshirish va byudjetga tushumlar ko‘payishiga imkon beradi.

«Beshinchi havo erkinligi» – xalqaro aviatsiyada qabul qilingan to‘qqiz erkinlikdan biri. Unga ko‘ra o‘z davlatida reysni boshlagan aviakompaniya ikki boshqa davlatga uchish huquqiga ega bo‘ladi. Masalan, qozoq aviakompaniyasining Nursulton – Nukus – Kobul reysi shu «beshinchi xavo erkinligi»dan foydalangan hisoblanadi.