Rossiya prezidenti Vladimir Putin internetning rus tarmog‘ini xalqaro tarmoqdan izolyasiya qilish – suveren internet yaratish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu qonun 1-noyabrdan kuchga kiradi.

Suveren internet yaratilsa, internet trafigi hukumat nazoratidagi nuqtalardan o‘tishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, qonun doirasida mahalliy nomlash tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.

  • Qonun tarafdorlari loyiha runetni mustaqil qilish imkonini berishini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyani kiberhujumlardan himoya qilish uchun bunday qonun zarur.
  • Tanqidchilar esa qonun Rossiyada internet erkinligini keskin cheklashini aytmoqda. Xalqaro tashkilotlar Putinni mazkur qonunni imzolamaslikka chaqirgan edi.

"Suveren internet" qanday ishlaydi: hozircha bunga aniq javob yo‘q. Runetni global internet bilan bog‘lovchi asosiy nuqtalarga ma’lumotlar paketini (DPI) chuqur tahlil qiluvchi filtr o‘rnatilishi taxmin qilinmoqda. Trafikni marshrutizatsiya qilishni “Roskomnadzor” nazoratga oladi. Suveren internet qanday ishlashi va oddiy foydalanuvchiga bu nima bilan tahdid qilishi The Bell maqolasida batafsil yozilgan.

Qonun ijodkorlarining aytishicha, bu qonun Rossiyaning axborot xavfsizligini ta’minlaydi, tashqaridan bo‘ladigan salbiy ta’sirlardan himoyalaydi. Runet (sanksiya, kiberhujum yoki boshqa sabablar tufayli) global tarmoqdan butunlay uzilganda ham "suveren internet" mustaqil ishlashda davom etadi.

Qonundan norozilar senzura to‘ri ruslar hayotini o‘rab olayotganidan xavotirda.

Buning O‘zbekistonga qanday ta’siri bo‘lishi mumkin?

  • Milliy qonun ijodkorligimiz aksariyat hollarda Rossiya qonunlaridan "ilhomlanishi"ni inobatga olsak, bizda ham kelajakda "mustaqil internet" yaratish harakatlari boshlanib qolishi mumkin. Aslida "mustaqil internet"ning ba’zi, aloqa tarmoqlarining markazlashgan boshqaruvi kabi elementlari allaqachon O‘zbekistonda tatbiq etilgan.
  • "Suveren internet" modelini ko‘pgina mamlakatlarda, xususan ba’zi G‘arb davlatlarida ham yaratishmoqchi. Bu jahoniy tendensiya, lekin G‘arbda bu jarayon ogoh jamoatchilik va munosib sud tizimi nazoratida o‘tmoqda.
  • Rossiya va Xitoy kabi buyuk davlatlardan farqli o‘laroq, o‘znetda arzigulik kontent yaratishga yetarlicha intellektual salohiyat va texnik imkoniyat yo‘q. Internetda milliy kontentni rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida tuzilgan Davra, Muloqot, Pager kabi "milliy" ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar o‘zini oqlamagani bunga dalildir.
  • Rossiya "suveren interneti" O‘zbekistonni rus madaniy ta’siridan chiqarishi mumkin.

"За пределами России в странах бывшего СССР очень много пользователей российского интернета, и мы эту аудиторию потеряем. Если мы посмотрим на пример Китая, то там довольно слабые каналы наружу, и они контролируются и фильтруются. У нас же, если мы сделаем слабые каналы наружу, вся Азия: Узбекистан, Туркменистан, – окончательно выпадут из области носителей русского языка", – deb hisoblaydi Roem.ru loyihasining rahbari Yuriy Sinodov.