“O‘zbekiston sharoitida bugundan boshlab jamiyatdagi eng hurmatli inson muallimdir”, – deb aytgan prezident Shavkat Mirziyoyev ayni daqiqalarda bo‘lib o‘tayotgan ta’lim tizimi, o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘sini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda.

Telegramdagi @oltin_voha kanali prezident boshchiligida o‘tayotgan selektordan ayrim iqtiboslarni keltirmoqda. Iqtiboslarning barchasi davlat rahbariga tegishli ekani aytilgan.

Hokimlar, eshitib qo‘yinglar, har bir topayotgan pullaringning 30 foizi maktabgacha ta’limga sarflanishi kerak!

* * *

Maktab o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Bu – aksioma. Buni inkor qilib bo‘lmaydi.

* * *

Kollejning marmari kimga kerak? Kollejlarga 12 yilda chetdan 570 mln. dollar jihoz keltirilgan. Agar shu 570 mln. dollarni maktab va universitetlarga berganimizda nima bo‘lardi?.. Qani o‘sha pul? Biz sirti yaltiroq, ichi qaltiroq kollejlarga mahliyo bo‘lib hamma narsani boy berdik.

* * *

Maktab direktorlarining 70 foizi erkak kishi bo‘ladi.

* * *

O‘tgan 3 yilda 157 ta umumta’lim maktabi yangidan barpo etildi. O‘quvchilar soni 5 822 000 nafarni, o‘qituvchilar 443 000 nafarni tashkil etmoqda (shundan 70 foizi ayollar). So‘nggi yillarda 13 000 nafar erkak o‘qituvchi maktabga qaytishdi.

* * *

Maktab direktori bilan muallimlar ota-onamizdek qadrli edi.

* * *

Maktablarda vazir sabog‘i, tadbirkor va bankirlar soati o‘tilishini tashkil etish lozim. Vazirlar, prokurorlar ham endi maktablarda o‘z sohasi bo‘yicha dars beradi.

* * *

Hokimlar, shuni yaxshi bilib oling, 5 tashabbus kirmagan maktab rivojlanmaydi.

* * *

Deputatlar o‘ziga elektorat topaman desa maktablarga borishi kerak. O‘quvchilar ota-onasiga borib aytadi. Ular esa boshqalarga...

* * *

Har bir maktabga Abdulla Avloniyning "Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir" degan purma’no so‘zlarini yozib qo‘yish kerak.

* * *

Biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi mamlakat bo‘lishimiz kerak. Aks holda, taraqqiyot yo‘limizdan adashib, tanazzulga botamiz. Bu borada shoshilinch chora ko‘rmasak, ertaga kech bo‘ladi... Xalq ta’limi vazirligining bironta xodimi qurilish bilan shug‘ullanmasligi kerak. Biz ularga qurib berishimiz kerak. Xalq ta’limi xodimlari u yerga ma’rifat olib kirish bilan shug‘ullanadi...

2020-yildan boshlab ular infratuzilma bilan shug‘ullanmaydi. Xalq ta’limi vazirligining qurilish bilan shug‘ullanishi – xiyonat. Ulardan endi talab qilinadigani sifat, sifat, ma’naviyat va bilim...

* * *

El-yurt taqdiriga loqaydlik – sotqinlik bilan teppa-teng!