1-iyun kuni Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida 2019/2020-o‘quv yilida ochiladigan Prezident maktablariga hujjat qabul qilish boshlangan edi. Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirga qadar topshirilgan hujjatlarning soni 15 mingdan oshgan.

12 iyungacha topshirilgan hujjatlar soni
Foto: pm.xtv.uz

Yuqoridagi to‘rtta hududda ochilishi kutilayotgan Prezident maktablariga shu paytga qadar 15699 nafar talabgorning hujjati qabul qilingan. Shundan 4961 nafari onlayn (mana bu havola orqali), 10738 nafari esa oflayn usulda, ya’ni bevosita qabul markazlariga kelib hujjat topshirgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p – 4778 ta hujjat Xorazm viloyatidagi Prezident maktabiga kelib tushgan. Qoraqalpog‘istonda 4106 ta, Namanganda 3692 ta, Toshkent shahrida 3123 ta hujjat qabul qilingan.

Nomzodlarning 7953 nafari o‘g‘il bolalar, 7746 nafari esa qizlardir.

Kelib tushgan hujjatlarning kunlik statistikasi
Foto: pm.xtv.uz

Xivadagi Prezident maktabiga bitta o‘ringa 33 ta, Qoraqalpog‘istonda 28 ta, Namanganda 26 ta, Toshkent shahrida 22 ta talabgor qayd etilgan.

Shu paytgacha eng ko‘p – 5209 ta ariza 5-sinf uchun topshirilgan. 10-sinf uchun esa 229 ta talabgor hujjat topshirgan. Qabul qilingan hujjatlarning sinflar bo‘yicha statistikasi quyidagi infografikada ko‘rsatilgan.

Kelib tushgan hujjatlarning sinflar kesimidagi statistikasi
Foto: pm.xtv.uz

Prezident maktablariga hujjatlar 22-iyungacha qabul qilinadi.

Prezident maktablari joriy yilda 4 ta hududda sinov tariqasida tashkil etilgan. Ushbu ta’lim muassasalarida maktablarni boshqarishning butunlay yangi modeli sinovdan o‘tkaziladi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, 2020 – 2021-yillarda Prezident maktablari respublikaning barcha viloyatlarida tashkil etiladi.

Prezident maktabiga qabul jarayoni haqida ma’lumot olish uchun +998-71-207-72-22 raqamli telefonga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, Prezident maktablarining rasmiy sayti ham ishlab turibdi.