21-iyunda soat 12:00 da Prezident maktablariga onlayn hujjat qabul qilish yakuniga yetdi. Qabul markazlari orqali esa qabul 22-iyunda tugaydi.

Prezident maktablariga jami 27 709 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan 9380 tasi (34 foizi) onlayn, 18 329 nafari (66 foizi) esa qabul markazlari orqali hujjat topshirgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p – 7757 ta hujjat Namangan viloyatidagi Prezident maktabiga kelib tushgan. Qoraqalpog‘istonda 7417 ta, Xorazmda 6572 ta, Toshkent shahrida 5963 ta hujjat qabul qilingan.

Nomzodlarning 13535 nafari o‘g‘il bolalar, 14174 nafari esa qizlardir.

Xivadagi Prezident maktabiga bitta o‘ringa 45 ta, Qoraqalpog‘istonda 51 ta, Namanganda 53 ta, Toshkent shahrida 41 ta talabgor qayd etilgan.

Shu paytgacha eng ko‘p – 8633 ta ariza 5-sinf uchun topshirilgan. 10-sinf uchun esa 2318 ta talabgor hujjat topshirgan. Qabul qilingan hujjatlarning sinflar bo‘yicha statistikasi quyidagi infografikada ko‘rsatilgan.

Prezident maktablari joriy yilda 4 ta hududda sinov tariqasida tashkil etilgan. Ushbu ta’lim muassasalarida maktablarni boshqarishning butunlay yangi modeli sinovdan o‘tkaziladi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, 2020 – 2021-yillarda Prezident maktablari respublikaning barcha viloyatlarida tashkil etiladi.

Prezident maktabiga qabul jarayoni haqida ma’lumot olish uchun +998-71-207-72-22 raqamli telefonga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, Prezident maktablarining rasmiy sayti ham ishlab turibdi.