Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablarida nomzodlar soniga ko‘ra imtihon bir necha bosqichda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda 27-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

Agar ariza beruvchilar soni bir o‘rin uchun 20 kishidan oshsa, dastlabki imtihonlar matematika bo‘yicha o‘tkaziladi. Bunda matematikadan berilgan 20 ta testni yechishga bir soat vaqt ajratiladi.

Nomzodlar imtihonning asosiy bosqichida talabgorlar soni bir o‘ringa 20 nafardan oshmagan holda ishtirok etadi.

Imtihonlarning asosiy bosqichi axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha (16 ta masala), mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan (24 ta masala) hamda ingliz tili (55 ta test savoli) fanlaridan iborat bo‘ladi.

O‘quvchilar to‘plagan ballarning asosiy qismini (80 foizini) tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yig‘ishlari mumkin. Ballarning 20 foizigina ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi. Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, ularning Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqoriligicha qoladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati qariyb 40 foizdan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Chunki ular kelgusida xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishlari zarur. O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirishi mumkin.

Agar talabgorlar bir xil miqdorda ball yig‘sa, qabul komissiyasi nomzodlar bilan suhbat o‘tkazadi. Suhbatda o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari), zarur hollarda esa psixolog hamda tibbiyot xodimlari ham ishtirok etishi mumkin. Mazkur jarayonda audio va videotasvirga olishga ruxsat beriladi.

Cambridge Assessment International Education qaroriga ko‘ra nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyasiya shikoyati berish va imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas.