22 – 23-may kuni Angliyaning Cambridge Assessment tashkiloti ekspertlari Gvendid Kaudvell va Mark Shennon Prezident maktablariga qabul jarayonini tashkil etish maqsadida O‘zbekistonga kelgan.

Cambridge Assessment tashkiloti Prezident maktablariga qabulni shaffof va adolatli tashkil etishga mas’ul tashkilot sifatida tanlangan.

  • Cambridge Assessment ekspertlari o‘quvchilarning hujjat topshirish tartibi, imtihon kunlari, namunaviy test savollari to‘plamlarini tarqatishga oid masalalarni muhokama qilgan.
  • Ekspertlar hujjat qabul qilish markazlari va imtihon o‘tkaziladigan muassasalarga borishgan.
  • Imtihonlarning xolisona va odil o‘tkazilishi bo‘yicha maxsus ish rejasini ishlab chiqishgan.

Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar prezident maktablariga, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, faqatgina iqtidori asosida, tanish-bilishsiz tanlab olinishiga shubha bildirayotgan edi.

2019-yilning sentyabridan ochilayotgan ushbu maktablarga 4-sinf bitiruvchilari mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.

Maktabga yiliga 24 o‘quvchi qabul qilinadi, ular ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan taqsimlanadi. Ta’lim bepul, STEAM (science – tabiiy fanlar, technology – texnologiyalar, engineering – texnik ijodkorlik, art – san’at, mathematics – matematika) dasturi asosida ingliz tilida beriladi.

O‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi. Prezident maktabining 9 – 11-sinflarida ta’lim o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanlarni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi dastur diplomiga (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) ega bo‘ladi. Bu esa xorijiy oliy o‘quv yurtlariga ham kirish imkonini beradi.

2019-yilda Toshkent, Xiva, Nukus va Namanganda Prezident maktablari ish boshlaydi. 2020 – 2021-yillardan esa boshqa viloyatlarda ham tashkil etiladi.