Kecha Prezident maktablari saralash imtihonlarining natijalari e’lon qilindi. Test javoblarida bir xil natija qayd etgan nomzodlar ham borligi aniqlandi. Shu maqsadda Minbar Prezident maktablari mutasaddilari bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi.

Minbar manbasi xabariga ko‘ra, bunday holat Prezident maktablariga qabul qilish tartibida aniq belgilab qo‘yilgan. Test imtihonlarida o‘quvchilar teng natijalar qayd etsa, ya’ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan bo‘lsa, nomzodlardan:

  • "Muammoni yechish" bo‘yicha eng katta ball olgani o‘tadi. Bu natija ham bir xil bo‘lsa,
  • "Tanqidiy fikrlash" bo‘yicha eng katta ball olgani o‘tadi. U ham bir xil bo‘lsa,
  • "Ingliz tilida o‘qish" bo‘yicha eng katta ball olganlar o‘tadi. U ham bir xil bo‘lsa,
  • "Ingliz tilida tinglash" bo‘yicha eng katta ball olganlar o‘tadi.
  • Agar shu bosqichgacha hali ham o‘tadigan bola aniqlanmagan bo‘lsa (milliondan bir uchraydigan holat!) yoshroq nomzod tanlanadi (tug‘ilgan kuni, oyi, yiliga qarab).
  • Agar hanuz o‘xshashlik mavjud bo‘lsa (milliardda bir uchraydigan holat!), Cambridge Assessment buni bartaraf qilish uchun mos usulni ishlab chiqadi.

Agar o‘qishga kirgan talabgor Prezident maktabida o‘qishni rad etsa yoki birinchi chorak davomida o‘qishni tark etsa, ro‘yxatdagi eng yuqori ball to‘plagan, lekin o‘qishga kira olmagan nomzod bo‘shagan o‘ringa taklif qilinadi.

  • Cambridge Assessment ushbu imtihondagi tizimning shaffofligi va xavfsizligini ta’minlagan holda, yakuniy qarorlar bo‘yicha murojaatlar yoki ballar bo‘yicha apellyasiya talablarini qabul qilmaydi. Ota-onalar bola hujjatini PMga topshirgan vaqtida ushbu qoida bilan tanishgan va rozi bo‘lgan.