29-iyunda Prezident maktablari saralash bosqich imtihonlarining 1-kunida 9035 o‘quvchidan ikki smenada jami 8888 (98,3%) o‘quvchi qatnashgan. 145 (1,60%) nafari kelmagan va Xorazmda 2 o‘quvchi imtihondan chetlashtirilgan.

Yakuniy imtihonga 27446 talabgordan 11520 (41,9%) talabgor yo‘llanma olishadi. Yakuniy bosqich imtihonlari 21-24-iyulda o‘tkaziladi.

Prezident maktablariga 28446 o‘quvchi hujjat topshirgan. Shundan 9260 tasi (32,5%) onlayn, 19186 nafari (67,5%) esa oflayn usulda, ya’ni bevosita qabul markazlari orqali hujjat topshirgan.

Onlayn topshirilgan, ammo rad etilgan hujjatlar soni 791 tani, ota-onalarga tahrirlashga yuborilgan, ammo tahrirlanmagan arizalar soni 211 tani tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p – 7724 ta hujjat Namangan viloyatidagi Prezident maktabiga kelib tushgan. Qoraqalpog‘istonda 7456 ta, Xorazmda 6503 ta, Toshkent shahrida 5763 ta hujjat qabul qilingan. Eng ko‘p – 8727 ta ariza 5-sinf uchun qabul qilingan, eng past ko‘rsatkich 10-sinflar orasida – 2350 ta.

Imtihonlarni davlat (o‘zbek) tilida topshiruvchi o‘quvchilar soni 22051, qoraqalpoq tilida 4847 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ingliz tilida topshiruvchilar soni 621 nafarni tashkil etdi.

Bir o‘ringa o‘rtacha raqobat 49 nafar o‘quvchini tashkil etgan bo‘lsa, eng yuqori raqobat 5-sinfga topshirgan talabgorlar o‘rtasida – 1 o‘ringa 92 nafar o‘quvchini (Namanganda 118 o‘quvchi) tashkil etadi.