Toshkent, Namangan, Nukus va Xiva shaharlaridagi Prezident maktablari (PM) o‘qituvchilikka nomzodlar bo‘yicha tanlov boshlanganini e’lon qildi.

Tanlovda ishtirok etish uchun PM sayti orqali onlayn ariza yuborish mumkin. Arizalar 2019-yil 20-iyulga qadar qabul qilinadi.

O‘qituvchilar quyidagi fanlar bo‘yicha tanlab olinadi:

  • Matematika*
  • Informatika va AT*
  • Fizika va astronomiya*
  • Kimyo*
  • Biologiya*
  • Geografiya, iqtisodiyot, tadbirkorlik asoslari
  • Musiqa/drama*
  • Tasviriy san’at*
  • Texnologiya*
  • Ona tili va adabiyot
  • Rus tili (o‘zbek sinflar uchun)
  • O‘zbek tili (Qoraqalpog‘iston uchun)
  • Ingliz tili (IELTS-7.0/ TOEFL IBT - score 101/ TOEFL Paper based - score 587 xalqaro sertifikatlari talab etiladi)
  • Nemis tili
  • Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari majmuasiga kiruvchi fanlar
  • Tarix (Jahon tarixi, O‘zbekiston tarixi, Din tarixi, Davlat va huquq asoslari)
  • Jismoniy tarbiya
  • Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash.

* Bu fanlar STEAM ta’lim dasturiga kirgani va xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari, dasturlari bo‘yicha o‘qitilishi sababli nomzodlar ingliz tilini CEFR B2 darajasida bilishi lozim.

Nomzodga qo‘yiladigan talablar:

  • oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash fani o‘qituvchisiga – o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot yoki pensiya olish huquqi bilan zaxiraga bo‘shatilgan harbiy ofitser;
  • kamida ikkinchi malaka toifasining mavjudligi;
  • umumta’lim muassasalarida 5 yildan kam bo‘lmagan pedagogik ish tajribasiga egaligi;
  • o‘zbek/qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston uchun) tillarida savodli yozma va og‘zaki nutqqa egaligi, ingliz tilini bilishi;
  • kompyuter texnologiyalarini va o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi;
  • tashkilotchilik qobiliyati, ijodiy tafakkurga egaligi;
  • bolalar va katta yoshdagilarning yosh va shaxs bilan bog‘liq psixologiyasini bilishi;
  • ravon nutq madaniyati;
  • shaxslararo munosabatlarni o‘rnatish qobiliyati;
  • yakka tartibda va jamoada ishlash qobiliyati;
  • tashabbuskorlik, stressga chidamliligi;
  • so‘nggi 5 yil davomida «Yil o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovining respublika, viloyat sovrindorlari bo‘lishi maqsadga muvofiq.