Prezident maktablariga 22–24-iyulda bo‘lib o‘tgan yakuniy imtihonlarning natijasi 20-avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Minbar manbasi xabariga ko‘ra, javoblar Cambridge Assessment International Education tashkilotining saytida e’lon qilinadi.

Prezident maktablariga imtihonlar ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlabki saralash bosqichida 27 446 nafar, asosiy imtihonlarda esa 11 426 nafar nomzod qatnashdi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2019–2021-yillar davomida respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich STEAM (fan, texnologiya, injiniring, san’at va matematika) yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan Prezident maktablari tashkil etiladi. Joriy o‘quv yilida Nukus, Namangan, Xiva hamda Toshkent shaharlarida Prezident maktablari faoliyat boshlaydi. Qolgan hududlarda esa 2020 va 2021-yillarda har yili beshtadan Prezident maktabi qurib foydalanishga topshiriladi.

Har bir hududdagi maktabga 144 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Har bir yosh toifasifa ikkitadan sinf tashkil yetiladi, bitta sinfda 12 nafar bola o‘qiydi. Ta’lim bepul, o‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi.

Maktabda STEAM (science – tabiiy fanlar, technology – texnologiyalar, engineering – texnik ijodkorlik, art – san’at, mathematics – matematika) dasturi asosida ingliz tilida beriladi. Prezident maktabining 9 – 11-sinflarida ta’lim o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanlarni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi dastur diplomiga (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) ega bo‘ladi. Bu esa xorijiy oliy o‘quv yurtlariga ham kirish imkonini beradi.

Prezident maktablari imtihonlaridan o‘tolmagan, ammo yuqori natijaga erishgan nomzodlar o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz o‘qishga kirish huquqi berilishi mumkin. Minbar manbasi xabariga ko‘ra, har bir hududdan 250 nafar o‘quvchi ana shunday imtiyozga ega bo‘lishi kutilmoqda.