Qozog‘istonda nimalar bo‘layapti? Nursulton Nazarboyevning siyosatchi qizi Darig‘a prezident bo‘ladimi? Qosimjo‘mart To‘qayev kim? Qozoqlarda milliy g‘ururni uyg‘otish kimga kerak? Shu va boshqa savollarni Ibrat Safo Qozog‘istonda ko‘p yillardan beri yashab faoliyat yuritayotgan jurnalist, "Qora soyalar: Qozog‘istonning yashirin dunyosi ichida" kitobi muallifi Joanna Lillisga berdi.

Suhbat Londonda joylashgan xalqaro mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha tadqiqot markazi – Qirollik birlashgan xizmatlari instituti(RUSI)da yozib olindi.

Qozog‘istonda 9-iyun kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tishi kutilayapti. Mamlakat mustaqillikni e’lon qilganidan beri bu oltinchi, ayni damda Nursulton Nazarboyev ishtirok etmaydigan birinchi prezident saylovi bo‘ladi.

78 yoshli Nursulton Nazarboyev o‘tgan mart oyida prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqayotganini e’lon qilgandi. Ammo, ko‘pgina tahlilchilarga ko‘ra, bu aslo uning siyosiy sahnadan ketayotganini anglatmaydi.

Muvaqqat prezident vakolatlarini qabul qilib olgan va endilikda saylovda g‘olib chiqishi kutilayotgan Qosimjo‘mart To‘qayev Nazarboyev siyosatining davomchisi deb ko‘riladi. To‘qayev shu vaqtgacha Senat spikeri bo‘lib xizmat qilib kelgan.

To‘qayev prezident kursisiga o‘tirishi ortidan uning o‘rnini Nazarboyevning qizi senator Darig‘a Nazarboyeva egalladi. Siyosiy sahnadagi farazlarga ko‘ra Nazarboyev alaloqibat o‘z qizining davlat rahbari bo‘lib ko‘tarilishini rejalagan.

9-iyun saylovida muxolifatchi nomzod Amirjon Qosanov ham ishtirok etadi. Ammo, ba’zi saylovchilarga ko‘ra, u ham Nazarboyev "loyiha"sining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ayni damda erkin saylov talabi bilan norozilik namoyishlari bot-bot o‘tkazilmoqda.