Yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etishda maktablardagi sharoit, muhit katta o‘rin tutadi. Lekin maktablarda o‘quvchilar jamoaviy sport o‘yinlariga to‘liq jalb etilmayapti. 2 mingdan ziyod maktabda sport zallari yo‘q, 3 mingdan ortig‘ida esa ta’mirtalab. Bu raqamlar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda ma’lum qilindi.

Videselektorda sportga ixtisoslashgan maktab-internatlarda ham kamchiliklar borligi bildirilgan. Masalan, Tayloq, Jizzax, Buxoro, Uchqo‘rg‘on, Denov tumanlari, Namangan, Qarshi va Andijon shaharlaridagi shunday maktablarda sport zali, yotoqxona, o‘quv binolari yetishmaydi.

Bolalar-o‘smirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari trenerlarining oylik ish haqi umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga nisbatan deyarli 2 barobar past. O‘z navbatida, trenerlarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega, 2 mingdan ortiq oliy ma’lumotli murabbiylarga ehtiyoj mavjud.

Oliy ta’lim muassasalaridagi sport inshootlari talabalarning qariyb 50 foizini qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, amalda 21 foiz talaba-yoshlar sport tadbirlariga qatnashmoqda.

Videoselektorda qayd etilishicha, O‘zbekiston bo‘yicha 12 mingdan ortiq sport inshooti mavjud, ularning bir kunlik quvvati qariyb 1,5 million kishini tashkil etadi. Ya’ni aholiga nisbatan sport inshootlari bilan ta’minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi. Xususan, bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 3,4 foiz, Surxondaryo viloyatida 3,5, Andijon viloyatida 3,7 foizdir. “Bunday ahvolda sportni qanday qilib ommalashtirish mumkin”, deya mutasaddilarga murojaat qilgan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishda sohadagi muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yo‘naltirish masalalari muhokama qilingan. Umumta’lim muassasalarida sport ob’yektlari qurish va ta’mirlash, ularni zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash, ixtisoslashgan maktab-internatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilangan.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalari va jismoniy tarbiya fanidan olimpiada tashkil qilib, ularda g‘olib bo‘lganlarni oliy ta’lim muassasalariga kvotadan tashqari imtiyozli asosda qabul qilish hamda ularga sport toifasi berish masalasi ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, bunday yoshlarni tayyorlagan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari ish haqiga qo‘shimcha ustama, yuqori toifa va unvonlar berish taklif etilgan. Soha uchun kadrlar tayyorlash qamrovini kengaytirish, intensiv malaka oshirish platformasini yo‘lga qo‘yish, murabbiylarga talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar berilgan.