Janubi-sharqiy Pokistonda hind veterinari mamlakatning kufrga qarshi qonunlariga ko‘ra ayblanmoqda. G‘azabga mingan olomon uning klinikasiga o‘t qo‘ygan. Unga qo‘shib hindlar egalik qiladigan boshqa do‘konlar ham yoqib yuborilgan.

Da’vo qilinishicha, veterinar islomiy matn yozilgan qog‘ozga dori o‘rab sotgan. Agar bu isbotlansa, mamlakat qonunlariga ko‘ra u bir umrga qamalishi mumkin.

Veterinar unga qo‘yilayotgan ayblov tuhmatligini, u qog‘ozni maktab darsligidan olganini aytgan.

Pokistonning kufrga qarshi qonunlarida juda qattiq jazolar belgilangan. Inson huquqlari faollarining fikricha, bu qonunlar odatda jamiyatning ozchilik vakillariga qarshi suiiste’mol qilinadi.

Hindlarning do‘konlari talangan va yoqib yuborilgan.

Islom Pokistonning davlat dini sanaladi, kufrga qattiq jazo belgilovchi qonunlarni aksar aholi yoqlaydi. Shuning uchun populist siyosatchilar shunday qonunlarni yanada qattiqlashtirishga va’da berib, aholining ovozini olishga intiladi.

Yuzlab hindlar shu qonunlarga ko‘ra javobgarlikka tortilgan, ayrimlari xalqaro hamjamiyatning tanqidlariga ham sabab bo‘lgan. 2010-yili nasroniy ayol Asia Bibi Muhammad payg‘ambarni haqorat qilganlikda ayblanib, o‘limga hukm etilgan. Ammo xalqaro bosim sababli oqlangan.

Pokistonda dinni haqoratlashga qarshi qonunlar keng qo‘llovga ega.

Kufrga qarshi qonunlar qanchalik keng tarqalgan?

Kufrga qarshi qonunlar dinlar, diniy aqidalarni turli haqoratlardan himoya qilish uchun qabul qilinadi. Pew Research Center ma’lumotiga ko‘ra dunyoning har to‘rt davlatidan birida shunday qonunlar bor. Har o‘ntadan bitta davlatda dinini o‘zgartirishga qarshi jazo belgilangan. Bunday davlatlarning aksari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi musulmon davlatlaridir. Yevropada esa 45 davlatdan 7 tasida shunday qonun mavjud.

Islom davlatlari tashkiloti BMTni dinni haqoratlashni global miqyosda jinoyat deb tan olishga da’vat qilib keladi, ammo BMTning din va e’tiqod erkinligi, fikr va uni ifoda qilish huquqi bo‘yicha uch maxsus hisobotchisi hisobot chiqarib, “dinni obro‘sizlantirish” tushunchasini global miqyosda qo‘llash mumkin bo‘lgan darajada aniq ta’riflab bo‘lmasligi mazkur tushuncha suiiste’mol qilinishiga sabab bo‘lishini, milliy miqyosda esa bunday qonunlar dinlar va mazhablararo tanqidni yo‘qqa chiqarishini bildirishgan.

O‘zbekistonda qanday?

O‘zbekiston dunyoviy davlat. Barcha dinlarga tenghuquqlilik kafolatlangan. Dini yoki dinsizligiga ko‘ra birovni kamsitish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Ayni chog‘da davlat diniy bahslarga, agar jamiyat va davlat uchun xavf solmasa, aralashmasligini bildiradi.

Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida“gi qonunda barcha dinlar qonun oldida tengligi, hech biriga alohida imtiyoz berilmasligi belgilab qo‘yilgan.

“O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.”

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida“gi qonunning 5-moddasi

Shunga qaramay, ma’naviyat va mafkura bilan shug‘ullanuvchi idoralar rasmiylarining diniy va milliy qadriyatlarni alohida himoyalashga chaqiriqlari kuchaygan. Masalan, O‘zbekiston hukumati xuzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita “Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q” ekani haqida rasmiy bayonot chiqargan edi.