Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 21-mayda avstraliyalik ta’lim mutaxassisi Ursula Shvantner bilan o‘zbek o‘quvchilarining PISA tadqiqotida ishtirokiga doir masalalarni muhokama qildi.

2021-yilda o‘zbek o‘quvchilari qatnashadigan PISA tadqiqoti nima o‘zi: tadqiqot o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur hisoblanadi.

Dasturning asosiy maqsadi – 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalarini turli xil testlar ko‘rinishida baholashdan iboratdir.

Odatda hukumatlar bu baholash natijalariga ko‘ra o‘z ta’lim siyosatini isloh qilish-qilmaslikni hal etadi.

O‘quvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlashiga, olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatiga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni hosil qilishga undaydigan bu dastur har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinadi.

Tadqiqot birinchi marta 2000-yilda o‘tkazilganda unda 43 ta mamlakat, 2018-yilda esa 78 ta mamlakatdan o‘quvchi ishtirok etgan. Tadqiqotni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) olib boradi.

Dastur mamlakatdagi jami 15 yoshli o‘quvchilarning 3 foizini qamrab oladi. Har 3 yilda bitta fan yo‘nalishiga afzallik beriladi. 2000-yilda ilk bor o‘qish savodxonligiga urg‘u berilgan, 2021-yilda urg‘u matematik savodxonlikka beriladi.
IHTT nomidan kelgan avstraliyalik ta’lim mutaxassisi Ursula Shvantner bilan vazir o‘zbek yoshlarining 2021-yilgi PISA dasturidagi ishtirokiga tayyorgarlikni hamda o‘qituvchilar va tizimdagi xodimlar malakasini oshirishni muhokama qilgan.