Jizzaxlik 66 yoshli pensioner ikki nevarasi bilan Jizzax davlat pedagogika institutiga kirmoqchi.

"Nasib qilsa, agar talabalik baxtiga musharraf bo‘lsam, endigi faoliyatimni Sharof Rashidov tumani jismoniy tarbiya va sport bo‘limida davom ettirmoqchiman. Men 15 yilga yaqin Jizzax viloyatining «Avtomobilist» jamoasida (hozirgi «So‘g‘diyona») futbol o‘ynadim. Imtihonlardan o‘tishimga ishonchim komil", – degan abituriyent.

42 yillik pedagogik stajga ega Umarali Jo‘rayev 1975-yili Jizzax pedagogika bilim yurtini tamomlagan. U xalq maorifi a’lochisi va sport faxriysi sanaladi.

Avvalroq farg‘onalik 72 yoshli ayol esa birdaniga uchta oliy ta’lim muassasasiga abituriyent sifatida hujjat topshirgan edi. Momo “o‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha Farg‘ona davlat universitetiga, Qo‘qon davlat pedagogika institutiga va Namangan davlat universitetiga hujjat topshirgan. U kunduzgi bo‘limda o‘qishni niyat qilgan.

Bu yildan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda yoshga doir cheklov olib tashlangan. Hozirga qadar 70 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan.