Kerak bo‘lsa, "stolba ham qamalib ketishi" mumkin bo‘lgan bir paytlarda yashadik. U davrlar qaytmasligiga ishonsak ham, inson hamma narsaga tayyor turishi kerak. Minbar jamiyatimizda huquqiy savodxonlik va ongni shakllantirish maqsadida turkum maqolalarni chop etishga kirishdi. Shularning birinchisida ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun ko‘chada to‘xtatganda, bu vaziyatdan tezroq va iloji boricha talafotlarsiz chiqib ketish yo‘llari haqida yozganmiz.

Bu maqola tintuv haqida eslatmadir. Tintuv qilish uchun har kimnikiga kelishlari mumkin. Buning uchun shaxs biror jinoiy ishda aybdor yoki guvoh bo‘lishi shart emas. Tintuv o‘tkazish jarayonida sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan qisqacha maslahatlarni keltirib o‘tamiz.

1Uyimni tintuv qilishmoqchi. Nima qilay?

Tintuv qonun asosida o‘tkazilayotganiga amin bo‘ling. Tergovchi biror joyda (uy, ofis va h.) yoki biror shaxsda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa yoki hujjatlar bor deb o‘ylash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda tintuv o‘tkazishga haqlidir.

Odatda tintuv tergovchi yoki uning iltimosiga ko‘ra tezkor xodim tomonidan prokuror sanksiyasiga asosan o‘tkaziladi. Biroq tergovchi tintuvni shoshilinch o‘tkazish zarur deb hisoblasa, u qarorni mustaqil tayyorlashi va uyingizga prokuror sanksiyasisiz kelishi mumkin. Bunday holatlarda tergovchi tintuv o‘tkazilgandan so‘ng 24 soat ichida uning harakati qonuniyligini tekshirishi uchun prokurorga xabar qilishi shart.

Odatda, huquq tartibot xodimlari tintuv o‘tkazish uchun tong saharda kelishadi. Ba’zan tergovchilar o‘zini shikoyat qilib chiqqan qo‘shni, “kommunal xizmatlar yoki mahalla xodimi” sifatida tanishtirib eshikni ochtirishga harakat qilishadi.

2Tintuv boshlandi, endi nima qilay?

Tintuvni boshlashdan avval tergovchi o‘zini tanishtirishi, tekshiruv ishlari qanday jinoiy ish bilan bog‘liqligini aytishi va tintuv o‘tkazish haqidagi qarorni ko‘rsatib, sizning huquqlaringizni tushuntirishi shart.

Sizning huquqlaringiz:

  • advokat yordamidan foydalanish;
  • tintuv jarayonida ishtirok etish;
  • tintuv o‘tkazayotgan xodimlar harakatini kuzatib borish;
  • tergovchiga kompyuter va mobil qurilmalar parolini aytmaslik;
  • tintuv vaqtida oshkor bo‘lgan shaxsiy va oilaviy hayotingiz, shaxsiyatingiz haqidagi ma’lumotlarni ommaga oshkor etmaslikni talab qilish;
  • olib qo‘yilayotgan jihozlarni ko‘rsatishni talab qilish;
  • bayonnomaga qo‘shimcha tushuntirish va mulohazalaringizni ilova qilish;
  • tintuv bayonnomasidan nusxa talab qilish.

3Advokat kelguncha, vaqtni cho‘zishga harakat qiling...

Uyingizda tintuv o‘tkazilishi haqida kerakli odamlarga xabar bering.

Agar tintuvga kelishganini tushungan bo‘lsangiz, tergovchiga eshikni ochishga shoshilmang. Tergovchi bilan san-manga bormasdan, u bilan hamkorlik qilishga tayyorligingizni hamda tintuv ishlariga ko‘maklashishingizni ayting.

Vaqtingiz oz, tinchlaning va tezda advokat bilan bog‘laning. Shu bilan birga, tintuv boshlangunga qadar yaqinlaringizni (do‘stlaringiz, qarindoshlaringiz, huquq himoyachilari, jurnalistlar) bo‘layotgan hodisa haqida ogohlantirishni maslahat beramiz: keyin sizda bu imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Tergovchi sizdan tintuv vaqtida boshqalar bilan muloqot qilmaslikni talab etish huquqiga ega. Siz faqatgina yuridik ko‘mak olish huquqiga ega bo‘lasiz, biroq telefonlarni olib qo‘yishsa bu yordamdan foydalana olmay qolishingiz mumkin.

Advokatdan voqea joyiga zudlik bilan yetib kelishini so‘rang. Tergov guruhini uyingizga faqat advokat yetib kelgandan so‘ng kirgizishingiz mumkinligini aytib vaqtni cho‘zishga harakat qiling.

4Lekin tergovchilarga aslo qarshilik qilmang!

Yodda tuting: agar siz eshikni ochishdan butunlay bosh tortsangiz, tergov guruhi eshikni buzib kirishi mumkin. Tergov guruhi xonadoningizga kirganda ularga qarshilik qilmang, kuch ishlatmang. Aks holda sizga nisbatan jinoyat ishi ochiladi.

Tergovchi guvohnomasi va tintuv o‘tkazish qaroridan nusxa ko‘chiring, suratga oling yoki hech bo‘lmaganda hujjat ma’lumotlarini yozib oling. Ba’zan ma’lumotni terishda xato yoki manzilda adashish sababli tintuv rejalashtirilganidan boshqa joylarda olib borilgan holatlar ham bo‘ladi.

Advokat bilan aloqada bo‘ling.

Tergovchi tintuv o‘tkazilayotgan xonadonga advokatni kiritmasligi mumkin. Shunga qaramay, hech bo‘lmasa uning atrofingizda ekanligi juda muhim. Advokat kelgani va unga kirishga ruxsat berishmagani haqida tintuvning barcha ishtirokchilarini xabardor qilish zarur.

Agar advokat tezda yetib kelsa-yu, tergovchi unga tintuvda ishtirok etishga ruxsat bersa, advokatning tavsiyalariga amal qiling.

Agar tanish advokatingiz bo‘lmasa, normal advokat topish sizning eng birlamchi vazifangiz. Avvaldan o‘zingizga advokat topib qo‘yganingiz ma’qul.

5Tintuv boshlandi. Nima qilay?

Tergovchining barcha harakatini qayd etib boring.

Agar uyda yolg‘iz bo‘lsangiz, tergov guruhi xonalarni navbati bilan tekshirgani ma’qul. Aks holda siz turli xonalardagi barcha organ xodimlarining harakatini kuzata olmaysiz va manipulyasiyalarga imkon berasiz. Shunday bo‘lsa-da, agar uyingizga nimadir tashlab qo‘yish kerak bo‘lsa, buning imkoni har doim topiladi.

Tintuv jarayonida tergovchilarning hamma harakatlarini qayd etib borishga tayyorlaning. Eng ideal variant – videoga olish. Biroq tergovchi buni taqiqlashi mumkin. Hech bo‘lmaganda tintuv davomida barcha mulohazalarni o‘sha zahoti yozma qayd etishni boshlang: doimo yon daftarcha tayyor tursin. Keyinroq bu bayonnomani to‘ldirishda asqotadi.

Tintuvda ikki guvoh ishtirok etishi shart, ularning vazifasi tergov guruhi harakatlarini kuzatishdan iborat. Ko‘p hollarda guvoh sifatida qo‘shnilar tanlanadi.

6O‘zingizga jabr qilmang

Tintuv boshlanishidan oldin tergovchi sizga jinoiy ishga taalluqli yoki man etilgan narsalarni o‘z xohishingiz bilan berishni taklif etishi shart. Biroq ixtiyoriy topshirgan taqdiringizda ham bu siz uchun hech qanday yengillik bermaydi.

Agar tergovchi uyingizda taqiqlangan (tashlab qo‘yilgan yoki haqiqatan ham sizga taalluqli) nimanidir topsa, advokat bilan maslahatlashmaguncha hech qanday izoh bermang.

Qonunan tergovchi bilan muomala qilishga, uning savollariga javob berishga va unga yordam ko‘rsatishga majbur emassiz.

7Uyda nimalarni saqlamagan ma’qul?

Uyda nimalarni saqlamaslik kerak:

  • o‘q otadigan qurol, jumladan o‘q-dori va qurol ehtiyot qismlari, agarda qurol saqlash uchun ruxsatnoma bo‘lmasa. Patron uchun qamalib ketganlar ham bor.
  • ruxsatsiz va qonun bilan belgilangan joydan tashqarida saqlangan sovuq qurollar;
  • “maxfiy” grifli hujjatlar – bunday hujjatlarni uyda saqlash maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish yoki davlat sirlarini noqonuniy olganlikda ayblashga asos bo‘ladi;
  • narkotik moddalar, jumladan, tibbiyotda qo‘llanadigan medikamentlar, agar retsepti bo‘lmasa.

Shaxsiy ma’lumotlaringizni oldinroq himoyalab qo‘ying.

Kompyuteringizni shifr va ishonchli parol bilan himoya qiling. Tintuv maqsadida kelishlari bilan kompyuterni o‘chiring, shunda tergovchi qattiq diskdagi ma’lumotlarni darhol ko‘rib chiqa olmaydi. Hech kim sizni tergovchiga yordam berishga majbur eta olmaydi: masalan, kompyuter parolini unga aytishga majbur emassiz.

Tergovchi ishga aloqador deb uydan deyarli hamma narsani olib ketishi mumkin. Odatda, axborot saqlanadigan tashuvchilar: kompyuter, planshet, telefon va hokazolar olib qo‘yiladi. Siz ulardagi axborotlarni ko‘chirib olishni talab qilish huquqiga egasiz. Ko‘p hollarda tergovchilar bu talabni rad etishadi. Bu qonunbuzarlik bo‘lib, bayonnomaga shuni ham yozib qo‘yishingiz mumkin.

8Tintuvdan keyin nima qilay?

Tintuv bayonnomasi – vaziyatga ta’sir ko‘rsatishingiz mumkin bo‘lgan yagona imkoniyatingiz. Tintuv natijalari bo‘yicha tergovchi bayonnoma tuzadi va unga o‘zi, siz, guvohlar va qolgan barcha ishtirokchilar imzo chekishadi. Bayonnoma qo‘lda yozilgani kabi kompyuterda ham terilgan bo‘lishi mumkin – buning hech qanday farqi va ahamiyati yo‘q.

Sizda vaziyatga ta’sir ko‘rsatadigan deyarli hech qanday boshqa vosita bo‘lmaganligi sababli bayonnoma bilan jiddiy tanishib chiqing.

Eng avvalo quyidagilarga e’tibor qarating:

hujjatda sana va vaqt (tintuv boshlangan va tugagan vaqt), ishtirok etgan barcha shaxslarning ism-familiyasi ko‘rsatilishi, tintuv jarayoni batafsil tasvirlanishi va olib qo‘yilgan mulk ro‘yxati berilishi shart.
Guvohlardan bayonnomada ko‘rsatilgan manzil (propiskasi) va aslida yashash joylari to‘g‘ri ekanligini so‘rab oling: keyinchalik sudda guvohlik berishlari uchun ularni topish osonlashadi. Bayonnomaning bo‘sh joylari hech narsa yozilmasligi uchun chizilgan bo‘lishi shart. Bayonnomaga cheklanmagan miqdorda mulohaza va fikrlarni yozish mumkin.

Mulohaza va fikrlaringiz yozilgan qog‘oz bayonnomaga ilova qilinishi shart. Ilova borligini bayonnomadagi “mulohazalar” qismiga kiritish kerak. Bayonnomada "e’tirozlar yo‘q" degan yozuv bo‘lmasligi lozim.

Siz tintuv davomida noto‘g‘ri deb hisoblagan hamma narsani bayonnomada yozing. Bu, masalan, advokat kirishiga ruxsat berilmagani, organ xodimlarining qo‘polligi, mulkingizga nisbatan bo‘lgan ehtiyotsizlik va albatta tintuv davomida kutilmagan "topilmalar" bo‘lishi mumkin. Qancha ko‘p yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni ko‘rsatsangiz, sud da’vongizni eshitishiga shuncha ko‘p shans bo‘ladi. Bayonnomaga o‘z qo‘shimchalaringizni kiritishda shoshilmang, bafurja yozing.

Albatta bayonnomaning nusxasini talab qiling. Agarda uni berishdan bosh tortishsa yoki to‘liq bo‘lmagan va imzo chekilmagan bayonnomani taqdim etishsa, bu holatniyam e’tirozlaringizda qayd eting. Bayonnomaning asl nusxasini suratga olishga yoki ko‘chirishga harakat qiling. Bu bilan uni qalbakilashtirish ehtimolining oldini olgan bo‘lasiz.

Agar bayonnomada sana, ism-familiya, guvohlarning yashash manzili kabi xatolarni sezsangiz, buni tergovchiga aytishga shoshilmang, bu sizga keyinchalik tintuvda olingan ashyoviy dalillarning haqiqiy emasligini tan olishda asos bo‘ladi.

9Hibsga olinishingiz mumkin, bunga ham tayyor turing

Sizni hibsga olishlariga tayyor bo‘ling.

Agar tintuv vaqtida xonadoningizda taqiqlangan ashyoni aniqlashsa yoki “topishsa”, sizni hibsga olishlari mumkin. Ruhan bunga tayyor bo‘ling va imkon boricha kamerada kerak bo‘ladigan buyumlarni yig‘ing: issiq kiyim, ich kiyim, shaxsiy gigiyena mahsulotlarini.

Agar shu vaqtga qadar sizda advokat bo‘lmasa yoki u yetib kelolmagan bo‘lsa, qarindosh yoki tanishlaringizga uni topishni va qayerda ekanligingizni xabar berishni ayting: yodda tuting, davlat tomonidan belgilanadigan himoyachi sizni kutilgan darajada himoya qilolmaydi.

Tintuvdan keyin sizni hibsga olishmagan bo‘lsalar-da, baribir advokat bilan maslahatlashing.