2019-2020-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari va hujjat topshirish jarayoniga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqdagi hujjat loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

“Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasiga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab test fanlari majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi. 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.

Yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun “O‘zbek tili”, “Rus tili”, “Qoraqalpoq tili” fanlari bo‘yicha alohida sinovlar tashkil etiladi.

Kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, abituriyentlar test sinovlari va tanlovda ishtirok etish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali bosqichma-bosqich ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yana bir muhim yangilik — oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng (hozir 202 730 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkaziladi.

Test o‘tkazilgan kunning ertasiga abituriyentning fanlar bo‘yicha test sinovidan umumiy to‘plagan ballari Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Abituriyentning sinov natijasi bo‘yicha olgan bali tavsiya etishga yetarli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi (ta’lim yo‘nalishi)da o‘qish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlari faqat lotin alifbosida tayyorlanadi.

Avvalroq eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berilishi haqida xabar bergandik.

Kirish imtihonlaridagi o‘zgarishlar 2018-yildan boshlangan edi. O‘tgan yili O‘zbekistonda test sinovlari 1-20-avgust kunlari o‘tkazildi. Natijalari esa har kunligi e’lon qilib borildi.