1890-yildan shu kungacha O‘zbekistonda havo haroratining yillik o‘rtacha ko‘rsatkichi 1,7 daraja ko‘tarilgan. Global miqyosda esa harorat o‘rtacha 0,7 daraja oshgan. Bu haqda 4-iyunda Jahon atrof muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada ma’lum qilingan.

O‘zgidromet hisobiga ko‘ra O‘zbekistonda havo haroratining o‘rtacha ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshgan. Keyingi 60 yil ichida harorat 40 darajadan baland bo‘lgan kunlar soni ko‘paygan.

«Issiqxona gazlari inventarizatsiyasi xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda atmosferaga chiqarilayotgan is gazi emissiyasi 1990 – 2012-yillarda 63 foizdan 51 foizga, azot oksidi esa 1 foizga tushgan. Metan chiqarish esa 30 foizdan 43 foizga oshgan», – deydi Olga Belorussova.

O‘zgidrometga ko‘ra 2012-yilda chiqarilayotgan issiqxona gazlarining 82 foizi energetika sektori (transport, issiqlik va elektr energetikasi, kommunal xizmatlar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy Osiyoda iqlim isishining oqibati jiddiy bo‘lishi mumkin

Global iqlim o‘zgarishi turli mintaqalarda turlicha kechadi. Markaziy Osiyo uchun global iqlim o‘zgarishi boshqa mintaqalarga nisbatan keskin bo‘lishi mumkin.

  • Yuqori haroratning suv resurslariga ta’siri. Harorat oshganda bug‘lanish oqibatida katta miqdordagi suv yo‘qotiladi. Shundoq ham chuchuk suvning katta qismi qishloq xo‘jaligiga sarflanadigan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonda bu yanada og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Tyanshan va Pomir tog‘laridagi doimiy muzlarning tez erishi ham ichimlik suvi tanqisligini kuchaytiradi.
  • Suvga ko‘proq ehtiyoji bor o‘simliklar uchun bu o‘zgarish halokatli bo‘ladi. Kun isigani sari o‘simlikning suvga talabi ortadi. Buning katta zarari mamlakatlar iqtisodida namoyon bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston katta miqdorda meva yetishtiradi. Issiqlik va suvsizlik sharoitida daraxtlar ko‘proq energiyani barglarni ushlab turishga sarflaydi. Oqibatda kamroq meva beradi.
  • O‘zbekistonda paxta yetishtirish, kelajakda AESni saqlash uchun, Turkmaniston va Qozog‘istonda neft va gaz sanoati uchun suv resurslari muhim ahamiyatga ega. Mintaqa mamlakatlari iqtisodi suv taqchilligini hisobga olmay shakllanib qolgan. Global iqlim isishi manzarasida bu iqtisodlar butunlay yangicha sharoitga moslashtirilishi kerak bo‘ladi.

Bu o‘zgarishlarda transchegaraviy daryolar etagida joylashgan davlatlar – O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ko‘proq zarar ko‘radi. Ular bilan suv boshidagi davlatlar – Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida suv masalasida ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin.

1,7 daraja ko‘tarilish nimani anglatadi?

Ushbu ko‘tarilish bir qarashda oz ko‘rinishi mumkin, ammo iqlimda, ekotizimda jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi. Buni 1,5 va 2 daraja o‘rtasidagi 0,5 daraja farq misolida ko‘rish mumkin.

1,5 °C

vs

2 °C

1,1 oy

Jazirama kunlar (yilda)

1,5 oy

-9%

Ichimlik suvi

-17%

5%

Kuchli yomg‘ir

7%

Bug‘doy hosili -9%

Qishloq xo‘jaligi

Bug‘doy hosili -16%

Makkajo‘xori hosili -3 %

Makkajo‘xori hosili -6%

Soya hosili 6%

Soya hosili 7%

Arpa hosili 6%

Arpa hosili 6%

40 sm

Dengiz suvining ko‘tarilishi

50 sm

10%

Yozda Arktikaning muzdan xoli hududi

80%