O‘zbekistonda ilk bor Gastronomik turizm assotsiatsiyasi ochildi.

Assotsiatsiya O‘zbekistonning jahon gastronomik turizmi bozoriga chiqishi, xalqaro miqyosda ommalashgan gastronomik sayyohlik infratuzilmalarini yaratishni maqsad qilgan.

«O‘zbek taomlari turistlarni jalb qiluvchi asosiy detallardan biridir. Gastronomik assotsiatsiya O‘zbekistonning gastronomik brendlarini yaratish va ommalashtirishni ham ko‘zda tutadi. Shuningdek, o‘zbek milliy taomlari tarixini xorijiy sayyohlarga tanishtiradigan “O‘zbek milliy gastronomiyasi muzeyi” tashkil etiladi», – deydi assotsiatsiya raisi Gulnoza Odilova.

Gastronomik assotsiatsiya O‘zbekistonda sayyohlik mavsumini uzaytirish maqsadida har yili noyabr oyida «Lazzatli O‘zbekiston» xalqaro milliy taomlar festivalini tashkil qiladi. Xorijiy davlatlarda O‘zbekistonning gastronomik jozibasini targ‘ib etuvchi media event va haftaliklar o‘tkazadi.

Bundan sal avval mehmonxona xizmatlarini kengaytirish va yaxshilashga yo‘naltirilgan Otelerlar assotsiatsiyasi ham tuzilgandi.