O‘zbekiston BMTga Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasini qo‘llab-quvvatlab murojaatnoma imzoladi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

"Yaqinda BMT Jeneva qarorgohidagi 50 mamlakatning elchisi Xitoyning Shinjon masalasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, BMT Inson huquqlari kengashining (UNHRC) prezidenti va Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissariga qo‘shma murojaat imzoladi", – dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi 29-iyulda.

Xitoyning Shinjondagi uyg‘ur va boshqa milliy ozchiliklarga nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan bu 50 davlatning ichida O‘zbekiston ham bor. Markaziy Osiyodan O‘zbekistondan tashqari Xitoyning pozitsiyasini Turkmaniston va Tojikiston qo‘llab-quvvatlagan.

"Xitoyni qo‘llab-quvvatlagan 50 mamlakatning BMTdagi elchisi Xitoyning inson huquqlari borasidagi salmoqli yutuqlarga erishganini olqishlagan. Ular Xitoyning aksilterror va deradikallashtirish siyosatini, xususan, qayta tarbiyalash markazlarining faoliyati natijasida Shinjonga barqarorlik qaytganini va oxirgi uch yilda bitta ham terakt sodir etilmaganini e’tirof etishmoqda", – deydi Xitoy TIV matbuot kotibi Xua Chuning.

Avvalroq iyul boshida BMT Inson huquqlari kengashidagi 22 davlat Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasi tanqid qilingan murojaatnomani imzolagan. Ularning aksariyati G‘arb davlatlari edi, ichida islom olamidan bitta ham vakil bo‘lmagan.

So‘ngra,12-iyulda Saudiya Arabistoni, Rossiya va boshqa 35 davlat BMTga Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasini qo‘llab-quvvatlab murojaatnoma imzolagan. Xitoy tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, bu 35 davlatga shu kunlarda yana 15 davlat qo‘shilibdi.

Birlashgan millatlar ekspertlari va inson haqlari guruhlariga ko‘ra, bir milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa musulmonlar mahbuslarga mo‘ljallangan jamloqlarda ushlab turilibdi.

Xitoy uyg‘urlarni terrorizmga qarshi kurash markazlarida qayta tarbiyalayotganini aytib keladi.