O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonun mavjud bo‘lmagan yagona davlat hisoblanadi. Ammo joriy yilning aprel oyida shunday qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, ammo aholi tomonidan turlicha qabul qilindi.

«Teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga qarshi bo‘lganlar mamlakatda gender tenglik uchun sharoit yaratilgani va bu konstitutsiyaning 18-moddasida mustahkamlanganini ta’kidlamoqda:

«O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar».

De-yure hamma teng huquqli, ammo real hayotda tenlikka rioya etiladimi? Gender tenglik darajasi bo‘yicha O‘zbekiston jahon reytingida 127-o‘rinni egallaydi. Bu esa MDH davlatlari orasida eng past ko‘rsatkichdir. Hozirga qadar mamlakatda ayollar erkaklarga qaraganda kam pul topadi, kam o‘qimishli va kam huquqli. Qaror qabul qilish darajasidagi boshqaruvda ayollar ulushi 2 foizdan kam.

Bosh vazir Abdulla Aripovning so‘zlariga ko‘ra, «bo‘lg‘usi rahbar kadrlarni prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tayyorlaydi, ammo nomzodlar vazirliklar tomonidan taklif etiladi. Ro‘yxatdagi 10 nafar nomzodning faqat bittasi ayol kishi bo‘lishi mumkin yoki ayollar ro‘yxatda umuman bo‘lmaydi».

«UReport»ning yoshlar orasida o‘tkazgan so‘rovida respondentlarning 66 foizi qizlarning yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga ishonishlarini bildirgan. So‘rov qatnashchilarining fikriga ko‘ra qizlarni ishga joylashtirishdagi eng jiddiy muammo gender stereotiplari hisoblanadi: mehnatning sub’yektiv ravishda ayollar va erkaklar mehnatiga bo‘linishi va ayollarning jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayotgani. So‘ralganlarning 43 foizi ayollarning o‘z oilasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayotgani muammosini, 21 foizi esa ayollarning o‘zlari ishga joylashishni xohlamasligini ta’kidlagan.

Uzoq yillar mobaynidan O‘zbekiston oila qadriyatlarini targ‘ib etib keladi. Ushbu siyosatning teskari tarafi – oiladagi zo‘ravonliklarni oqlash. «UReport» tashkikotiga ko‘ra so‘rovda qatnashganlarning 83 foizi oilada zo‘ravonlik mavjudligini tan oladi, ammo ularning 54 foizi oilani saqlab qolish uchun kaltaklar va haqoratlarga e’tibor bermaslik kerakligini ta’kidlashgan, chunki hamma narsa sodir bo‘lgan vaziyatga bog‘liq ekan.

Shu bilan birga, aynan erkaklar ko‘proq zo‘ravonlik tarafdori – 74 foiz. Oilada zo‘ravonlik muammosini tan olgan ayollarning 52 foizi esa jamiyat ushbu zo‘ravonliklar haqida jim turishni ma’qul ko‘rishini aytgan.

Erkaklarga nisbatan kamsitish bormi?

1995 yilda O‘zbekiston xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga (CEDAW) a’zo bo‘lgan. Ushbu konvensiyaning beshinchi moddasida gender stereotiplari bilan kurashish zarurligi alohida aytib o‘tilgan:

«Ayollar va erkaklarning ijtimoiy va madaniy xatti-harakat modellarining jinsiy norasolik, jinsiy ustunlik yoki ayol va erkaklarning steriotip roliga asoslangan urf-odat va boshqa holatlarni o‘zgartirish».

Konvensiyaning to‘rtinchi moddasida esa «a’zo davlatlar tomonidan erkaklar va ayollar o‘rtasida tenghuquqlilikni o‘rnatishni tezlashtirishga qaratilgan vaqtinchalik maxsus choralar qabul qilish” belgilangan.

Bunday maxsus choralar ijobiy diskriminatsiya (ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus dasturlar yaratish), qizlar uchun grant va stipendiyalar hamda ayollar uchun turli kvotalar ajratishni nazarda tutadi. Konvensiyaga binoan bunday choralar diskriminatsion hisoblanmaydi va ayollar va erkaklar o‘rtasida teng imkoniyat va munosabatlarga erishilganda bekor qilinishi kerak.

Ammo ba’zi o‘zbekistonliklar yangi qonun normalarini shunday deb hisoblaydi. Ushbu hujjat muhokamasi chog‘ida quyidagi fikrlar bildirilgan:

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva salbiy fikrlar jamiyatdagi gender stereotiplarining mavjudligidan dalolat ekanini ta’kidladi:

«Ushbu qonun erkaklarga qarshi qaratilmagan, bu hatto uning nomida ham aks etgan. Qonun erkaklar va ayollarning gender tengligini kafolatlashga, har ikkala jins uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan. O‘zbekiston konstitutsiyasida erkaklar va ayollarning tengligi mustahkamlangan, barcha kodeks va qonunlar fuqarolarning jinsidan qat’i nazar tengligini kafolatlaydi va bu diskriminatsiya qilmaslik tamoyili hech kimda norozilik uyg‘otmaydi».

Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati yig‘ilishlaridan olingan fotosuratlarda qatnashchilarning asosiy qismi erkaklar ekanini ko‘rish mumkin. Mamlakat hukumati tarkibida ayollar juda kam. Iqtisodiyot, fan, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda ham vaziyat shunday.

Hatto rasmlarda ham juda kam yoki umuman yo‘q. Bu esa o‘z navbatida muayyan «erkaklar» va «ayollar» faoliyat sohalarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Qonun loyihasida shunday deyilgan: «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga va xalqaro huquq normalariga zid urf-odatlar, an’analar va madaniyatga asoslangan xulq-atvorga yo‘l qo‘yilmaydi». Maxsus choralar jamiyatda ayollar rolining an’anaviy tushunchasini o‘zgartirishga qaratilgan. Ular yangi rol modellarini yaratadilar, qizlar va ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotda faol ishtirok etishini va gender stereotiplarini o‘zgartirishni rag‘batlantiradilar.

Ushbu qonun qanday amalga oshiriladi?

Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyevaning aytishicha, qonun loyihasi ikki oy ichida, ya’ni joriy yilning may oyi o‘rtalarigacha ishlab chiqilishi kerak. Shundan so‘ng u barcha manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishib olinadi va hukumatga, keyin esa Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi. Shundan so‘ng bir qator normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

«Biroq o‘zgarishlar haqida va ular aynan qaysi qonun hujjatlariga kiritilishi haqida faqatgina loyiha yakuniy varianti tuzilganidan keyin gapirish mumkin. Shunisi aniqki, qonun buzilishi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bu narsa boshqa normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda e’tiborga olinadi», – deydi Norboyeva.

O‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kerak, busiz qonun ishlamaydi. Masalan, O‘zbekistonning amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ariza beruvchini jinsiga qarab ishga omaslik holatini tartibga soluvchi modda yo‘q.

«Oilaviy munosabatlar sohasida erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta’minlash» deb nomlangan 28-moddaning kiritilishi ham alohida e’tiborga loyiq. Ayniqsa uydagi mehnat bilan bog‘liq joyi: «Uydagi mehnat jinsi bo‘yicha kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas, u erkaklar va ayollar tomonidan teng darajada bajariladi».

Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra ishchi guruhda har ikki jinsning uy ishlarida teng qatnashishi haqidagi loyiha qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, «O‘zbekiston aholisining 80 foizi oilada erkaklar pul ishlab topishi va ayollar uy ishlarini qilishi va bolalarga qarashining tarafdori. Aholining 93 foizi eri ishlamayotgan taqdirda ham ayol uy yumushlarini tanho o‘zi bajarishi kerakligi haqidagi qarashni qo‘llab-quvvatlaydi».

Qozog‘iston tajribasi

Qozog‘istonda erkaklar va ayollarning teng huquq va imkoniyatlarining davlat tomonidan kafolatlanishi to‘g‘risidagi qonun 2009 yilda qabul kilingan. Uch yil o‘tgach prezident Nursulton Nazarboyev xalqqa qilgan murojaatida shunday dedi:

«Biz ayolga – onaga, xotinga, qizga so‘zsiz hurmatni qaytarishimiz kerak. Meni ayollar va bolalarga nisbatan oiladagi zo‘ravonliklarning kuchayib borayotgani xavotirga solmoqda. Ayollarga nisbatan hurmatsizlik bo‘lishi kerak emas».

O‘shanda u «mamlakatda gender kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va amalda erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini taminlashni» buyurgan edi. Ammo keyin ham vaziyat o‘zgarmadi.

2012 yilda Qozog‘istonda ayollarga nisbatan 108 752 ta zo‘ravonlik jinoyati sodir etilgan va 1905 nafar ayol jinsiy jinoyat qurboniga aylangan. 2016 yilda esa ayollarga nisbatan 124 298 ta zo‘ravonlik jinoyati sodir etilgan va 2672 nafar ayol jinsiy jinoyat qurboni bo‘lgan.

"Jimturmakz" jamoat fondi direktori Dina Smailovaning so‘zlariga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik darajasi maishiy jinoyatlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bilan bog‘liq:

«Qonun shaxsga nisbatan o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sodir etilganda zo‘ravonga yarashish huquqini berib xotin-qizlarning huquqlarini kamsitadi. Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonliklarning 99 foizi erkaklar tomonidan amalga oshiriladi, ya’ni erkaklar aksariyat hollarda ayollarni zo‘rlash va kaltaklashdan so‘ng pul to‘lab javobgarlikdan xalos bo‘lish huquqiga ega. Bu esa ayollarning huquq va kadr-qimmatini ochiq-oydin tahqirlashdir».

Shu bilan birga, qaror qabul qiladigan va Qozog‘istonda yashash muhitini shakllantiradiganlarning asosiy qismi erkaklardir. Ayollar soni esa juda kam:

  • Gulshara Abduxoliqova 2019 yil fevral oyida bosh vazir o‘rinbosarligiga tayinlandi.
  • Faqat bitta ayol – Qulash Shamshidinova ta’lim va fan vaziridir.
  • Majlisda 2018 yilning o‘rtalariga kelib 107 nafar deputatdan 26 nafari ayollar, Senatda esa 47 nafardan faqat 5 tasi ayol kishi.
  • Bironta viloyat yoki viloyat ahamiyatidagi shaharda ayollar rahbar emas.

Smailovaning so‘zlariga ko‘ra konstitutsiya, mehnat, uy-joy, ijtimoiy, jinoiy, jinoiy-protsessual qonunchilikning gender ekspertizasi va uni qo‘llash tajribasi o‘rganilganda Qozog‘istonda jinslar o‘rtasidagi tenglik tamoyillarining ham qonunchilikda, ham amalda buzilishi keng tarqalgani ayon bo‘ldi:

«Jamiyat fikri qonundan ustunlik qilmoqda. Bu fikr patriarxal qarashlarga asoslangan bo‘lib, teng huquq va imkoniyatlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan 10 yil o‘tib ham o‘zgarmasdan kelmoqda».

Nima qilish kerak?

Dina Smoilovaning ishonishicha, jamoatchilik fikrini o‘zgartirish uchun ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning qonunlarni ishlab chiqishdagi, siyosiy doiralardagi ishtirokini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan o‘tkazish va ularga o‘zgartirishlar kiritish zarur.

Tanzila Norboyevaning fikricha, ushbu qonun qog‘ozda qolib ketmay amalda qo‘llangan taqdirdagina gender tenglikka erishish uchun samarali vositaga aylanadi:

«Shuning uchun, birinchi navbatda, qonunda uning maqsad va vazifalarini aniq belgilash, aniq va ikkilamchi ma’noga ega bo‘lmagan tushunchalardan foydalanish kerak. Ikkinchidan, qonun normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega bo‘lishi shart. Uchinchidan esa qonunning noto‘g‘ri talqin etilishi va noto‘g‘ri qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish zarur».

Norboyevaning ta’kidlashicha, agar ayollar parlamentdagi o‘rinlarning 10 foizini egallasa bu bolalar, qariyalar va aholining boshqa zaif qatlamlarini himoya qiladigan qonunlarni qabul qilishni osonlashtiradi. Agar 20-30 foizini egallasa ijtimoiy muammolarni hal etish, millat salomatligini mustahkamlash va qashshoqlikni bartaraf etishga yo‘naltirilgan loyiha va dasturlarni tezroq amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollar savodxonligini va ularning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatini oshirish jamiyatni rivojlantirish va davlatning iqtisodiy farovonligi uchun zarur sharoitlarni yaratadi.

Irina Matviyenko

Ushbu maqolaning asl nusxasi CABAR.asia tahliliy platformasining veb-saytida nashr etildi.