Taniqli bloger @davletovuz go‘sht narxi qimmatlashayotganidan xavotir bildirib, mutasaddilarga murojaat bilan chiqdi: iltimos, bozorga aralashishdan tiyiling!

Bundan oldin Toshkentda mol go‘shtining 1 kilosi 60 ming so‘mga ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent shahar hokimligi dehqon bozorlarida narx-navoni arzonlashtirish maqsadida "Elga xizmat" savdolari tashkil etilganini ma’lum qildi.

Davlat statistika qo‘mitasi esa O‘zbekistonning markaziy dehqon bozorlaridagi asosiy oziq-ovqatlarning narxlari haqidagi ma’lumotni e’lon qildi.

Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, suyakli mol go‘shtining eng arzoni "Nukus dehqon bozori"da kilosi 28 ming so‘m, eng qimmati Toshkentdagi "Farhod dehqon bozori"da 48000 so‘mdan kuzatilgan.

Bundan 1,5 yil oldin Iqtisodiyot vazirligi mamlakatda go‘sht qimmatlashishiga sabab bo‘layotgan omillarni sanab o‘tgan edi. Bular:

  • viloyatlar va tumanlarda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarli darajada rivojlanmagani;
  • fermer va dehqon xo‘jaliklarining mahsuldor chorva bilan ta’minlanmagani;
  • mahsuldor chorvani yetishtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlarning yetishmasligi;
  • ozuqa-yemlarni yetishtirish uchun yerlarning yetishmasligi;
  • yerlarning sho‘rlanib ketgani;
  • ozuqa-yemlar tannarxining yuqori ekani;
  • go‘shtni sotishda "vositachi"larning ko‘pligi.

Sabablari aniq ekan, go‘sht narxi yana qimmatlashishining oldini olish yo‘lida 2018 yil boshidan buyon nimalar qilindi?

Misol uchun, Ichki ishlar vazirligi "olibsotarlarni kamaytirish" uchun nimalar qildi? Chorvadorlar kunjara-sheluxani paxtani qayta ishlash zavodlaridan arzonroq narxda olishlariga ko‘maklashish maqsadida qanday ishga yo‘l urildi? Chorvachilik komplekslari yanada rivojlanayotgani haqidagi xabarlardan ko‘ra tuman hokimi chorvador fermerning ishlashiga to‘siq bo‘layotgani haqidagi xabarlar ko‘p emasmi?

Mahalliy rahbarlar ana shu savollar ustida bosh qotirishdan ko‘ra go‘sht narxini yana ma’muriy-boshqaruv yo‘llari bilan tizginlashga harakat qilayotganlari kuzatiladi.

Ularga yana @davletovuz maslahatini eslatish zarurga o‘xshaydi:

"Biz hozir go‘sht narxi ko‘tarilishiga "Har bir oila – tadbirkor" dasturi sabab bo‘ldi yoki Qozog‘iston mol eksportini chekladi kabi gipotezalarni olg‘a surmoqchi emasmiz. Mas’ullarga chaqirig‘imiz bitta: iltimos, bozorga aralashishdan tiyilish lozim. Go‘sht narxini pasaytirish bo‘yicha majlis qilish, bozorda yurib yorliqlarni o‘zgartirib chiqish, majburlab arzon go‘sht sottirishdan foyda yo‘q, ma’nisiz direktivalar bilan ahvol battar yomonlashgani qoladi.

Bir safar bozor o‘zini o‘zi tartibga solishiga qo‘yib berish lozim. Agar istak bo‘lsa, qo‘shni davlatlardan tirik qoramol importi jarayonini soddalashtirish kerak, lekin bunday istak sizlarda yo‘q, yaxshisi hech nima qilmagan tuzuk".