Dunyo aholisi soni o‘sishi, go‘sht iste’moli oshayotgani, sug‘orma dehqonchilik, iqlim isishi va iqtisodiy rivojlanish birgalikda dunyoda suv zaxiralari kamayishiga olib kelmoqda.

Jahondagi 400 mintaqa yoki hududda hozir suv o‘ta taqchil.

Bu boradagi tadqiqotlarni e’lon qilgan WRI yoki Jahon zaxiralari institutiga ko‘ra, suv yetishmasligi sabab millionlab odamlar boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘lishi, urushlar va siyosiy notinchliklar yuzaga kelishi mumkin.

Aloqador mavzular:

Talash daryolar yoki mintaqada suv urushi ehtimoli qanday?

O‘zbekiston: Orol o‘rnida o‘rmon qanday yaratilmoqda?

Orolni kim quritdi – o‘zbeklar yo sovetlar?

O‘zbekistonda yangi zaharli sahro paydo bo‘lgan

Turkmaniston allaqachon Markaziy Osiyodagi suv eng taqchil mamlakat. Mintaqaning suv yetmaydigan ikkinchi mamlakati – O‘zbekiston.

Ammo kelasi 20-25 yil ichida O‘zbekiston ham jahondagi eng suvsiz davlatlarda biriga aylanishi kutiladi.

Suv – xalqaro muammo

Маълумот
Сув истеъмол кўрсатгичи

Dunyoda eng ko‘p chuchuk suv sug‘orish uchun ishlatiladi. Keyingi o‘rinda sanoat keladi.

Bugun Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Botsvana, Eretriya va Turkmanistonda suv juda taqchil. O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham allaqachon muayyan hududlarda suv taqchilligi seziladi.

Chili va Turkiyaning qator mintaqalarida ham suv yetishmaydi.

Xitoy va Rossiyada suv zaxiralari yetarli, ammo bu ikki mamlakat poytaxtlari – Pekin hamda Moskvada suv yetmaydi.

Yevropada esa Italiya va Ispaniya bugun suv taqchilligi muammosiga yuz tutmoqda. Bir sababi – turizm.

Suv qayerga ketmoqda?

Ўзбекистон
харита

Oxirgi yarim asrdan ko‘proq vaqt ichida yoki 1961 – 2014-yillari davomida dunyoda suv iste’moli ikki yarim baravar oshgan.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun chuchuk suvning 67 foizi sarflanadi.

O‘zbekistonda, masalan, paxtani sug‘orish uchun ishlatilgan suv tufayli Orol dengizi qurigan. Bu nafaqat suv taqchilligini kuchaytirdi, balki O‘zbekiston ekologiyasini halokat yoqasiga keltirib, insonlar salomatligiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Deylik, O‘zbekiston hududining yarmidan ko‘pi shundoq ham Qizilqum sahrosi va unga yondosh cho‘l-dashtlardan iborat. Biroq Orol dengizi o‘rnida yangi, Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Bu sahro esa paxtadan chiqqan pestitsid va boshqa zaharli o‘g‘itlarga boy.

Shamol uchirgan ayni zaharli moddalarni yuzlab chaqirim uzoqda yashovchi millionlab odamlar havo orqali yutishadi.

O‘zbekiston hozir Orol o‘rnida saksovul ekib, bu qumlarning osmonga ko‘tarilishini jilovlab, odamlarning yashashi uchun sharoitlarni yaxshilamoqda.

Ammo shu sur’atda Orol tubini o‘rmonga aylantirish uchun 150 yil vaqt kerak.

Butun dunyoda chuchuk suvga ehtiyoj oshib bormoqda.

Bir yechim – insonlar mol go‘shti yeyishni kamaytirishi kerak. Chunki qoramol uchun ko‘p suv ketadi.

Shuningdek, paxta kabi ekinlar ham suvtalab sanaladi.

Tojikiston va Qirg‘iziston tog‘laridagi muzliklar ham iqlim isiyotgani sababli jadal eriyotgani aytiladi.

Rasmiylar allaqachon qator muzliklar kichraygani yo chekinganini aytishgan. Kelasi yarim asr davomida bu jarayon tezlashishi mumkin.

Suv va urush

Сурия
Чилидаги саҳро

BMTning Sahrolashishga qarshi konvensiyasiga ko‘ra, cho‘l va chalacho‘l mintaqalardagi ahvol hozirgidek davom etsa, 2030-yilga borib 24 milliondan to 700 milliongacha odam o‘z uy-joylarini tashlab, boshqa yashaydigan joy izlashga majbur bo‘ladi.

Isroil, Liviya, Yaman, Afg‘oniston, Suriya va Iroq kabi davlatlarning aksarisi notinch. Suv taqchilligi esa bu mamlakatlarda tinchlik o‘rnatishni qiyinlashtirib, yangi nizolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Millionlab qochqinlar kelib o‘rnashgan Iordaniya va Turkiyada ham qator hududlarda suv yetishmaydi.

Suvni tejab ishlatish, qayta ishlash hamda suv iste’molida eng so‘nggi texnologiya va innovatsiyalarni qo‘llash muammoga yechim sifatida ko‘riladi.

Singapur «To‘rt jo‘mrak» nomli suv yig‘ish tizimini ishga tushirgan.

Isroil dunyodagi suvni eng ko‘p qayta ishlovchi davlatlardan va bu borada eng so‘nggi texnologiyani ishga soladi.

Ayrim mamlakatlarda dengiz suvini kichik miqyosda chuchuklashtirish tajribalari yo‘lga qo‘yilgan.