Sobiq SSSRning eng yopiq mamlakatlaridan biri dunyoga eshiklarini lang ochib qo‘ydi, lekin sayyohlar unga yopirilib kelayotgani yo‘q.

O‘zbekiston turizm qo‘mitasining ma’lumot berishicha, mamlakatga har yili 5,3 million sayyoh keladi. Oxirgi ikki yilda hukumat turizmni rivojlantirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishni, avtomobillarni prokatga berishni, turistik politsiyani, elektron vizani joriy etdi. Yakka sayohat qilish uchun xavfsiz mamlakatlar reytingida O‘zbekiston har yili yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Shu bilan birga Turizm qo‘mitasi jahon turizm bozorida O‘zbekistonni tanitish, imijini yaxshilashga urinayapti: futbol bo‘yicha Angliya premer-ligasi matchlarida O‘zbekistonning bepul reklamasi ko‘rsatilmoqda, «National Geographic», «The Guardian», «The Telegraph»ning sayyohlik bo‘yicha ekspertlari Samarqand va Buxoroga qo‘yarda-qo‘ymay olib kelinmoqda.

Idoradagilarning aytishicha, sayyohlik yo‘nalishida O‘zbekistonning jozibadorligi oshishida 2018 yili 55 davlat grajdanlari uchun vizaning bekor qilinishi muhim rol o‘ynagan. Shuningdek elektron viza olish tartibi ham soddalashtirilgan. Endi uni ikki ish kuni ichida olish mumkin, holbuki bir yil oldin ham buning uchun bir necha oy kutishga to‘g‘ri kelar edi.

Sayyohlik infratuzilmasini yaratuvchi, shu jumladan mehmonxona va hojatxona quruvchi investorlarga imtiyozlar va’da qilinayapti. Shaharlarda jamoat joylarida internetga bepul kiriladigan Wi-Fi nuqtalari paydo bo‘la boshladi. Nihoyat, qo‘riqlanadigan maxsus ob’yektlardan tashqari jamoat joylarida foto va videotasvirga olishga qo‘yilgan ko‘p yillik taqiq bekor qilindi.

Biroq sayyohlarning yopirilib kelishi kuzatilayotgani yo‘q.

«Yaxshi rejalashtirilmagan aldov»

Toshkent teleminorasi. Foto: Ligarba Turizm

O‘zbekistonga 2019-yilning bahorida kelgan qirg‘izistonlik Tomiris Orozoyeva sayohatdan to‘liq bahra olish o‘rniga ro‘yxatdan o‘tish masalasini o‘rganishiga to‘g‘ri kelganidan yozg‘iradi. Uning aytishicha, onlayn ro‘yxatdan o‘tish bir tarafdan sayyohning mushkulini oson qiladi, boshqa tarafdan bir talay muammolarni keltirib chiqaradi:

Turizm qo‘mitasi saytidagi kelganlik haqida varaqani to‘ldirish yo‘riqnomasining ochilishi qiyin. Anketani to‘ldirish namunasi boshqa hech qayerda yo‘q.

Ikkinchidan, besh dollarlik bojni «Visa» yoki «Master Card» bank kartalari orqali to‘lay olmaysiz, faqat «Uzcard» bilan to‘lash mumkin, u esa xorijiy sayyohlarda qayoqdan ham bo‘lsin?

Chegarada pasport nazoratidan o‘tishda esa ba’zi ofitserlar onlayn ro‘yxatdan o‘tmagansiz deyishadi, faqat elektron tizimdagi ma’lumotni tekshirishni qat’iy talab qilganingizdan keyingina chegaradan o‘tkazishadi.

O‘nlab sayyohlar shunga o‘xshash muammolarga duch kelishgan.

Tomirisning dugonasi Nurjan Bekbova ko‘plab xorijliklar ortib qolgan so‘mlarini qaytadan chet el valyutasiga konvertatsiya qilolmay «tuzoqqa tushganini» aytib berdi.

O‘zbekistonda 2017-yili valyutalarning erkin konvertatsiyasi ochilgan, biroq faqat dollar yoki yevroni sotishdagina qog‘oz pullarni almashtirish mumkin. Xorijiy valyutani «Visa» kartalariga sotib olish taklif qilinadi, «Master Card» kartasidagi pullarni esa Toshkentning ikki-uch joyidagina naqdlashtirish imkoni bor. Qolaversa, xalqaro to‘lov kartalarini ishlatsa bo‘ladigan joylar ham juda kam.

«Ortib qolgan so‘mingizni dollarga almashtirish imkoni yo‘q. Bu sayyohlarni aldashning yaxshi rejalashtirilmagan usuliday tuyuladi, ko‘ngli qolib ketadi kishining», – deb noliydi Nurjan.

Umuman olganda, qizlar O‘zbekistonning ko‘hna shaharlarining tarixiy qiyofasidan, milliy taomlarning unutilmas mazasi va arzonligidan, mamlakatning istalgan joyiga bexavotir sayohat qilish mumkinligidan hayratlanishgan. Lekin jamoat hojatxonalarining yo‘qligi, mobil internetning sekin ishlashi va qimmatligi, bir xil tovar yoki xizmat narxining mahalliy aholi uchun arzon, xorijliklar uchun qimmatligi, temiryo‘l chiptalarini sotib olish uchun onlayn-servis mavjud emasligi ularning ko‘nglini xira qilgan.

Buxoro

Ko‘plab sayyohlik forumlarida esa avtomobilda sayohat qiluvchilar Markaziy Osiyoning ichki chegaralaridan o‘tish azobligini aytishadi. Masalan, moskvalik sayyohlar Denis va Tatyana Alyoshinlar 2019-yilning aprelida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga borishgan. Qoraqalpog‘istondagi bojxona postida 12 soatdan ko‘p qolib ketishgan. Buning ustiga Denis haydovchi sifatida avtomobilda bo‘lgan, Tatyana esa chegarani piyoda sifatida kesib o‘tishi kerak bo‘lgani uchun ko‘chada kutishiga to‘g‘ri kelgan.

Statistika aldaydi

Statistika qo‘mitasining ma’lumot berishicha, 2018-yili O‘zbekistonga chetdan 6,4 millionta sayyoh kelgan. Katta son, ammo qo‘mita bir kishi bir necha marta hisobga olinishi mumkinligi va bunga alohida holat sifatida qaralishini ham eslatgan.

Turizm sohasi eksperti Murat Sarsenovning aytishicha, turizm qo‘mitasi sayyohlar sonini oshirib ko‘rsatish uchun shunday yo‘l tutmoqda. Qo‘mita O‘zbekistonga keluvchi har bir xorijlikni sayyoh deb biladi. Keluvchilar sonining keskin oshishiga esa Tojikiston bilan viza rejimining bekor qilinishi va Qirg‘iziston bilan chegaraning ochilishi sabab bo‘lgan. Chegaraga tutash hududlardan mayda savdogarlar va oddiy odamlarning O‘zbekistonga kelib-ketishi ko‘paygan.

2018-yili O‘zbekistonga Tojikistonning 1,7 mln, Qirg‘izistonning 1,1 mln, Qozog‘istonning 2,4 mln grajdani kelib-ketgan.

Bultur Turizm qo‘mitasining o‘sha paytdagi rahbari Aziz Abduhakimov xorijiy mehmonlar orasida 10 foizdan kamrog‘i haqiqiy sayyohlar ekanini tan olgan edi. Ekspertlarning ma’lumot berishicha, O‘zbekistonga keluvchi sayyohlarning haqiqiy soni 0,5 – 1 mln atrofida.

«Statistika qo‘mitasi va Turizm qo‘mitasining ma’lumotlari haqiqatdan yiroq. Jahon turizm tashkiloti O‘zbekiston turizm qo‘mitasidan olgan ma’lumotlarni e’lon qiladi… Bu ma’lumotlarga ishonib bo‘lmaydi», – deydi Sarsenov.

Turoperatorlar va IIV orasida

O‘tgan yilning noyabr oyida davlat rahbarining 2025-yilgacha turizmni rivojlantirish haqidagi qarori muhokamasida ekspertlar voqeiy, sog‘inchli, ekologik, tibbiy, madaniy-ma’rifiy turizm, sport turizmini rivojlantirish kerakligini aytishdi. Xususan, sovet arxitekturasi yodgorliklarini saqlab qolish, musiqiy festivallar o‘tkazish, tog‘ turizmini rivojlantirish, dronlardan foydalanish borasidagi taqiqni bekor qilish taklif etildi.

Turizm qo‘mitasi barcha takliflar ko‘rib chiqilishini va’da qilgan edi, lekin oradan yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da hamon natija yo‘q.

Xiva. Foto: Dolores Travel

Mustaqil siyosatshunos Farhod Mirzaboyevning fikricha, Turizm qo‘mitasi hozir o‘t bilan suv orasida qolgan. Bir tarafdan uni turoperatorlar va ekspertlar tanqid qilishmoqda, boshqa tarafdan kuchishlatar tuzilmalar idora rahbariyatining oyog‘ida tushov bo‘lib turibdi.

Misol uchun aynan ular dronlardan foydalanish taqiqlanishini, sayyohlarning ro‘yxatga olinishini, tashkiliy sayyohlik guruhlarini yoqlashmoqda. Yoppasiga nazorat qilishga o‘rgangan kuchishlatar tuzilmalar vizalarning bekor qilinishi kabi ba’zi masalalarda yon bergan bo‘lsa-da o‘z manfaatlarini himoya qilib maqsadga erishishda davom etmoqda.

Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun O‘zbekistonda o‘n yilga qamalib ketish hech gap emas. Viza talab qilinmaydigan tranzit sayyohlar esa mamlakat maxsus xizmatlariga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishga majbur.

«Bizda Turizm qo‘mitasi bu yo‘nalishdagi davlat siyosatini belgilovchi yagona tashkilot emas. Mamlakatga kelgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tish masalasi kelajakda hal etilishi tayin, lekin birdaniga emas. Davlat xavfsizligi organlari uning bekor qilinishiga qarshilik ko‘rsatishlari turgan gap», – deydi Mirzaboyev.

Sayyoh portreti

Turizm bo‘yicha ekspert Murod Sarsenovning aytishicha, turizmning gullab-yashnashiga viza singari byurokratik to‘siqlargina emas, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlarning yaxshi emasligi ham to‘siq bo‘layapti.

«Turizm qo‘mitasida turizm bozoridagi vaziyatga 19-asr nuqtai nazaridan qarovchi dinozavrlar o‘tiribdi, ya’ni boy sayyohlarga ahamiyat qaratilmoqda», – deydi u.

Rostan ham Markaziy Osiyoda va O‘zbekstonda sayyohga bir qop pulga qaraganday qarashadi. Buni turoperatorlarning o‘zi ham, ijtimoiy tarmoqlarda taassurotlarini e’lon qiluvchi sayyohlar ham tan oladi.

O‘zbekistonga asosan yevropalik va osiyolik boy qariyalar keladi, ularga qimmat mehmonxonalar va vaqtichog‘lik qilish uchun sharoit kerak deb hisoblanadi.

Shu bilan birga O‘zbekistonga yosh sayyohlar kelishi ham ko‘paymoqda, ular bu diyor haqida «munosib bahosini olmagan yo‘nalishlar» reytinglari va sayyoh blogerlardan ma’lumot olishmoqda. Aynan ular mamlakatdagi sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatuvchilar uchun haqiqiy topilma bo‘lmoqda.

Xiva

Bekpekerlar (inglizcha «backpack» – «yukxalta» so‘zidan) arzon hostellarga qo‘nishni, pulini tejab sarflashni va «yevropalik boy sayyoh» haqidagi qarashlarni o‘zgartirishni ma’qul ko‘rishadi.

Ekspertlarning tavsiyalariga ko‘ra mamlakatda kichik hostellar ochish tartibini osonlashtirishdi. Ushbu yo‘nalish rivojlanayapti, biroq raqobatning kamligi yashash narxining pasayishiga ta’sir qilish imkonini bermaydi. Hammasini bozor hal qiladi: bizga sayyohlar yopirilib kelishni boshlasa mehmonxonalarga talab oshadi. Shundan so‘ng yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday yuzlab kichik hostel va mehmonxonalar paydo bo‘lsa narx-navo ham tushadi. Hozircha bu narsa yo‘q ekan, Turizm qo‘mitasining ta’kidlashicha, sohaning gullab-yashnashidan ham umid qilib bo‘lmaydi.

Buning ustiga sayyohlar xarajatining katta qismi transport xizmatiga to‘g‘ri keladi. Turizmni rivojlantirish uchun Markaziy Osiyo aviatsiya bozoriga Qozog‘istonning «Fly Arystan»i kabi ham mahalliy, ham xorijiy loukosterlar kerak.

Bir yarim yil oldin O‘zbekistonda milliy loukoster paydo bo‘lishi haqida xabar berilgan edi, u ham quruq gapligicha qolib ketdi. O‘nlab kamxarj xalqaro aviakompaniyalar O‘zbekistonda ishlashga tayyor turibdi. Lekin bu masalada ham muzokaralar tugamagan ko‘rinadi.

Taqqoslash uchun: Frankfurtdan Toshkentga «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlarida 772 dollarga (borish-kelish) uchish mumkin.

«Wizz Air» loukosteri Budapeshtdan Qozog‘iston poytaxti Nursultonga 100 dollarga oborib-opkeladi.

«Qimmat aviachiptalar – faqat bizning aviakompaniyamizning muammosi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» foyda emas, imij uchun ishlaydi. Bozor mexanizmlarini o‘zgartirmasa ham bo‘ladi, imij nuqtai nazaridan hammasi joyida, lekin buning uchun biz ochiq bozorning jozibadorligini qurbon qilayapmiz. Bizga agar loukosterlarni O‘zbekistonga kiritsak milliy aviakompaniyani yo‘qotamiz deyishadi. Lekin muammo bunda emas. Sharoit kerak. Kutilmaganda aviakompaniyamiz kasod bo‘ldi deylik. Uning o‘rnini darhol boshqa aviakompaniyalar egallaydi, narxlar ham pasayadi, sayyohlar kelishi ko‘payadi», – deydi Sarsenov.

Uning aytishicha, aviaqatnovlardan tashqari O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlarini bog‘laydigan avtomobil yo‘llari ham, temiryo‘llar ham yo‘q.

Amaldorlar mamlakatning turistik imkoniyati ko‘hna shaharlar va milliy taomlar bilan cheklanadi deb o‘ylashsa-da, ekspertlar O‘zbekiston ulkan turistik potensialga egaligini ta’kidlashadi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tog‘ klasterlari mutlaqo rivojlanmagan, Qizilqumdagi sayru-tomoshalar tuyada sayr qilish va o‘tovda tunash bilangina cheklanib qolgan.


Ushbu maqola «Giving Voice, Driving Change — from the Borderland to the Steppes Project» loyihasi doirasida Cabar.Asia tomonidan tayyorlangan. Maqolada keltirilgan fikr va mulohazalar Minbar tahririyatining qarashini aks ettirmasligi mumkin.