O‘zbekiston investitsiyani jalb qilishda Birlashgan Arab Amirliklaridan andoza olmoqchi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlab 13-mayda o‘tkazgan yig‘ilishda aytilgan.

"Taraqqiy etgan mamlakatlarda investitsiyalar jalb etish bo‘yicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida ko‘rib chiqildi", – deb aytiladi prezidentning matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Nega aynan BAA: O‘zbekiston tabiiy resurslar eksportiga suyanib qolmagan, barqaror va diversifikatsiyalashgan iqtisodni qurmoqchi. BAA mana shuning uddasidan chiqqan, bir avlod hayoti davomida investitsiyalarni jalb qiluvchi eng katta markazga aylangan. Xususan, Dubayni "cho‘ldagi Singapur" deb atashadi, chunki xuddi Singapurdek Dubay ham davlat nazoratida katta iqtisodiy o‘sishga erishdi. Mamlakatning faol, uzoqni ko‘ra biluvchi rahbariyati bu kichik shaharlarni muhim xalqaro markazga aylantirdi.

BAAdan O‘zbekiston nimalarni o‘rganmoqchi: BAA mutaxassislari Davlat boshqaruvi akademiyasiga kelib yoki onlayn eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlar faoliyatiga jalb etishni o‘rgatishadi.

  • 5-may kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya davlat boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishda BAA tajribasidan foydalanish haqida BAAda muzokaralar olib borgan edi.
  • Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruv organlari va ta’lim muassasalarining 60 nafar vakilidan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi "Davlat boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish" hukumatlararo dasturi ishchi guruhlarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etgan.
  • Ular BAAning davlat boshqaruvi tizimini yaratishga doir tajribasini o‘rganish va kelgusida O‘zbekistonda muqobil konsepsiya joriy qilish, turli yo‘nalishlar bo‘yicha 2019 – 2020-yillar uchun "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlashni;
  • BAA tomoni yangi ish modellarini ishlab chiqish va joriy qilishga oid muvaffaqiyatli tajribasi bilan bajonidil bo‘lishishini ma’lum qilgan.

Yig‘ilishda yana nima gap bo‘ldi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.