O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari O‘sh viloyatidagi musobaqada O‘zbekiston bayrog‘ini toptalishi va qirg‘iz xalqini haqoratlanishi bilan bog‘liq janjalni "do‘stona aloqalar ruhida" hal qilishga kelishib oldi.

O‘zbekiston TIV aytishicha, 22 avgust kuni o‘tkazilgan telefon muloqotida “ishning barcha jihatlarini hamkorlikda o‘rganish hamda vaziyatni davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ruhidan kelib chiqqan holda muvofiqlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi”.

Janjal 18 avgustda Qorasuv shahrida “Qulatuu” yakkakurashi bo‘yicha o‘tgan turnirda sodir bo‘lgan.

O‘zbekistonlik sportchi Nursulton Ro‘ziboyev v 18 avgust kuni O‘sh viloyatining Qorasuv shahrida “Qulatuu” yakkakurashi bo‘yicha o‘tgan turnirda ishtirok etgan va qirg‘izistonlik sportchiga yutkazgan deb topilgan. Lekin Ro‘ziboyevning o‘zi qirg‘iz sudyasi tarafkashlik qilib, vatandoshini oldini olgan deb hisoblaydi va O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘taradi.

Sudya bayrog‘ni uning qo‘lidan tortib olib, yerga otib yuborgan. Buni quydagi videoda ko‘rsa bo‘ladi.

Shundan so‘ng Nursulton Ro‘ziboyev Instagram'da jonli efirga chiqib "Bu mollar hatto o‘zining prezidentini qamab qo‘ydi, ularni to‘g‘rilab bo‘lmaydi, militsiyasini ham bir tiyinga olishmas ekan" degan.

Hozirda o‘chirilgan bu video katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, 21 avgust kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi o‘zbekistonlik sportchi Nursulton Ro‘ziboyevga nisbatan “irqiy, etnik, milliy, diniy yoki hududlararo nizo qo‘zg‘ash” ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani xabar qilingan edi.

22 avgustda strong_uzbekistan Instagram sahifasida o‘zbekistonlik sportsmen murojaati butun qirg‘iz halqiga emas, aynan o‘sha turnirda ishtirok etganlar va tomoshabinlarga qaratilganini tushuntirgan. "Sudya bayrog‘imizni haqorat qildi. Qanday haqqi bor edi? Jangdan keyin menga 1000 kishilik olomon hujum qildi. Yomon xalq bo‘lmaydi, faqatgina yomon odamlar bo‘ladi deyishadi, lekin bu olomondan aynan qaysi birini men tilga olishim kerak edi", degan u.

Nursulton Ro‘ziboyev Black laqabi bilan mashhur. U bir necha bor Qirg‘izistondagi janglarda ishtirok etgan. Janjalga sabab bo‘lgan jangning videosidagi aksar izoh qoldirganlar, ushbu jangda o‘zbekistonlik sporstmen yutganini, sudya esa nohaq qaror qilganini aytmoqda.