Aprel oyida Olmaota – Toshkent trassasida o‘tgan yil bilan hisoblaganda ikkinchi bor avtobus ag‘darilib ketib, 11 kishi o‘lib, 32 kishi jarohatlangan. Avtobusda asosan o‘zbek mehnat muhojirlari Rossiyaga ishlashga ketayotgan edi. Bu odamlar eng avvalo havo transporti chiptasining narxi o‘ta qimmatligi va tanqisligi uchun avtobusni tanlagan.

O‘zbekistonda aviachiptalarning qimmatligi "O‘zbekiston havo yo‘llari" (O‘HY) monopoliyasi bilan bog‘liqdir. Har qanday monopoliya birinchi navbatda xalqning farovonligiga putur yetkazadi va shundoq ham past ko‘rsatkichlarga ega iqtisodiyotimizga zarba beradi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" mustaqillikdan so‘ng, 1992-yil may oyida sobiq Sovet ittifoqining "Aeroflot" aviakompaniyasidan mustaqil ravishda parvozlarni yo‘lga qo‘yganidan keyin hozirgi kungacha ko‘p narsa o‘zgarmadi. Pichoqqa ilinadigan o‘zgarish faqatgina O‘HY texnoparkining yangilanishi, SSSRning samolyotlari o‘rniga zamonaviy Airbus va Boing samolyotlari parvozga qo‘yilgani bo‘layotgan edi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK eski sovet modelidan voz kechmagan holda havo transporti munosabatlarini saqlab qolgandi: bir tashkilot havo va unga bog‘liq barcha xizmatlarni boshqaradi. Davlat esa MAKni milliy iqtisodiyotning ajralmas qismi sifatida himoya qilib keldi", – deyiladi Jahon bankining hisobotida.

Lekin so‘nggi ikki yilda hukumat bu sohani isloh qilishga kirishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni "O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.

  • Ushbu hujjat bilan "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, uning negizida Uzbekistan Airways va aeroportlar ustidan boshqaruv o‘rnatuvchi Uzbekistan Airports kompaniyalari (MChJ) tuzildi.

2018-yilning yanvarida O‘zbekiston hukumati mamlakatga kam byudjetli aviakompaniyalarni (Low-coster carriers, LCC) jalb etishga qaror qildi.

  • Birlashgan arab amirliklarining "Fly Dubai" aviakompaniyasi Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshira boshladi.
  • O‘HY MAK raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov 2018-yil oxirigacha milliy kam byudjetli aviakompaniya tashkil etilishini aytgan edi.

Lekin hozirgacha loukoster tashkil topgani u yoqda tursin, tashkil topishi uchun qanday ishlar qilinayotgani haqida ham xabar yo‘q.

Eng asosiysi, O‘HYning mutlaq monopoliyasi hamon davom etmoqda.

O‘zbek milliy aviakompaniyasining xizmat darajasini bilish qiyin emas. O‘HYdan foydalangan ko‘pchilik chet ellik passajirlarning “Skytrax” baholash xizmatida qoldirgan munosabati judayam salbiy va O‘HYning hozirgi holatini yaqqol namoyon etadi.

Aviatsiya sohasini liberallashtirish, ichki osmonni tashqi raqobatga ochish, O‘HY monopoliyasidan voz kechish ko‘p ijobiy natijalarni beradi. Xususan:

  • Osmonni ochish O‘HY uchun haqiqiy imtihon bo‘ladi. Agar milliy aviakompaniyani mutaxassislar boshqarayotgan bo‘lsa, kompaniya tashqi raqobat oqibatida yanada rivojlanadi, raqobatbardosh bo‘ladi. Agar o‘zbek aviakompaniyasi hali ham Sovet ittifoqi menejment tizimi yoki monopoliyasiga moslashgan “mutaxassislar” qo‘lida bo‘lsa, tashqi raqobat yaxshigina saboq bo‘ladi, ya’ni qachonlardir faxrlanishga arzigan milliy aviakompaniyamizning juda tez va shafqatsiz o‘zgarib borayotgan 21-asr bozor muhitida haqiqiy o‘rni qayerdaligini yaxshilab bilib olamiz.
  • Aviatsiya sohasini liberallashtirish o‘zbek iste’molchilari uchun tanlash imkoniyati va raqobatbardosh narxlarni taqdim qiladi. Hozirgi kunda aviakompaniya tanlashda o‘zbekistonlik iste’molchining imkoniyati cheklangan. Afsuski, bu hammaga ayon va oddiy hol deb qabul qilinadi. Ko‘p hollarda iste’molchilar O‘HYda uchishga majbur. O‘zbek aviakompaniyasining qimmat biletiga puli yetmaganlar Rossiya yoki Qozog‘istongacha avtobusda o‘z hayotini xatarga qo‘yib ketmoqda.
  • Monopoliyaga chek qo‘yilishi xizmat sifatining yaxshilanishi va innovatsiya uchun zamin yaratadi. Sog‘lom raqobat nafaqat professional mutaxassislar jalb qilingan kompaniyaning o‘sishiga, balki mijozlar uchun yuqori sifatli xizmat va mijozlarni jalb qilish uchun innovatsiyalar yaratilishiga sabab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, aviakompaniyalar mijozlar uchun hamyonbop narxlarda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
  • O‘zbekiston turizm sohasining keskin rivojlanishi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratadi.

Ayrimlar aviatsiya liberallashtirilishi milliy aviakompaniya uchun zarba bo‘lishi va ko‘pchilikning ishsiz qolishini taxmin qilishi mumkin. Lekin aviatsiya monopoliyasini tugatish orqali biz yo‘qotadigan narsamizdan foyda ko‘radigan va o‘rganadigan narsamiz ko‘p bo‘ladi.

O‘zbekiston aviatsiya sohasining naqadar ayanchli ahvolga kelib qolgani SSSR qulagandan keyin deyarli bir xil ahvolda bo‘lgan mamlakatlar bilan solishtirilganda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

  • O‘zbeklar "norasmiy” raqobat qilib kelayotgan 17 mln.lik Qozog‘istonda 21 aviakompaniya yiliga 5,6 million yo‘lovchini tashiydi. Bu O‘zbekistonga qaraganda deyarli 50 foiz ko‘p.
  • O‘zbekiston aviatsiyasi va iqtisodiyotiga solishtirish uchun eng yaqin va o‘xshash holatda bo‘lgan davlat Ozarbayjondir. Ozarbayjonda 2 ta milliy va 30 dan oshiq chet el aviakompaniyasi yiliga 4 mln yo‘lovchini tashiydi. Aholi soni 9,7 million. Ozarbayjon aviabozorining liberallashgach, yangi Haydar Aliyev xalqaro aeroporti ochilganidan so‘ng bir yil ichida havo orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 23 foiz oshdi. Bunga yangi ta’sis etilgan "Baku Airlines" ham bir yil ichida 253 000 yo‘lovchini tashib, yetarlicha ulush qo‘shdi (umumiy yo‘lovchilarning 12 foizi).
  • Osiyoning to‘rtinchi eng katta iqtisodiyotiga ega Janubiy Koreyaning aviatsiya sohasi liberallashuvi ham salmoqli iqtisodiy samara bergan. 12 ta milliy va xususiy, 56 ta chet el aviakompaniyasi yiliga 30 million yo‘lovchini tashiydi. Koreyada aholi soni: 51,4 million. Bu aholining deyarli 60 foizi har yili kamida bir marta parvoz qilish imkoniga egaligini ko‘rsatadi. 2018-yilda Koreyaga 8 millionta chet ellik turist bordi. 2018-yilda Koreya turizm sohasining yillik pul aylanmasi 25 milliard dollarga yetdi. Bu sohada ishlaydigan xodimlar soni esa 260 000 kishi. Albatta bunday ko‘rsatkichlarga Koreya aviatsiyasining liberallashtirilishi, 30 yil oldin monopoliyadan voz kechish, boshqa davlatlar bilan aktiv strategik hamkorlik o‘rnatish orqali erishilgan.

Maqola yozilayotgan paytda 14 ta aviakompaniya O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha muzokara olib borayotgani, ular orasida nafaqat Gretsiyaning Orange2Fly va Turkiyaning Pegasus Airlines kabi loukosterlar, balki KLM, Emirates Airlines, Lufthansa, Air France kabi yirik shirkatlar ham borligi haqida ma’lumot chiqdi. Bu faqatgina olqishlanadigan fakt.

O‘zbekiston dengizga chiqish uchun ikki mamlakat chegarasidan o‘tish lozim bo‘lgan dunyodagi ikki mamlakatdan biri hisoblanadi. Sayyoh va biznes maqsadida mamlakatga keladigan xorijliklar yer transportidan foydalanmaydi, shuningdek, tez ayniydigan va qimmatbaho yuklar, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘plab tovarlarni tashish ham ishonchli va raqobatbardosh havo transporti hamda logistika tuzilmasini talab etadi.

Men, maqola mualliflaridan biri, Zohid Mamajonov, Janubiy Koreyaning eng katta loukosteri “Jeju Air”ning marketing bo‘limida faoliyatim davomida Koreya bozoridagi kuchli raqobat yo‘lovchilarga hamyonbop narxlarda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelishiga amin bo‘ldim.

O‘zbekistonda ham shunday bo‘lishi aniq. Agar "O‘zbekiston havo yo‘llari" monopoliyasidan voz kechib, o‘zbek musaffo osmonini boshqalarga ham ochib bersak, albatta.

Zohid Mamajonov,
"Jeju Air" marketing bo‘limi xodimi

Shahzod Turg‘unboyev,
xalqaro iqtisodchi va huquqshunos

Koreya Respublikasi Seul shahri